Ingliz tili bilimdonlari saralandi
Toshkent davlat yuridik universitetida ingliz tili fani bo‘yicha talabalar respublika fan olimpiadasining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.
Toshkent davlat yuridik universitetida ingliz tili fani bo‘yicha talabalar respublika fan olimpiadasining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan bilimlar bellashuvida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalaridan saralangan eng iqtidorli talabalar ingliz tili bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.
Mamlakatimizda yoshlarning chuqur bilim olishi bilan birga, dunyoda ro‘y berayotgan barcha yangiliklardan atroflicha xabardor bo‘lishi, chet davlatlardagi tengdoshlari bilan faol muloqot qilishi, jahon adabiy-badiiy durdonalaridan foydalanishning muhim sharti hisoblangan xorijiy tillarni chuqur o‘rganish masalasi muhim vazifalardan etib belgilangan.
Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yoshlar maktab, litsey, kollej va oliy ta’lim muassasalarida umumta’lim fanlari, kasb-hunar, mutaxassislikka oid bilimlar bilan bir qatorda xorijiy tillarni ham chuqur o‘rganmoqda. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga alohida mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitish amaliyoti joriy qilingan. Bakalavriat va magistratura bosqichlarida alohida ingliz tilida o‘qitiladigan guruhlar tashkil etilib, fanlar ingliz tilida olib borilmoqda.
Ingliz tilini mukammal biladigan navqiron avlod vakillari safi kengayayotgani ushbu fan olimpiadasida yaqqol namoyon bo‘ldi.
– Fan olimpiadasi nafaqat talaba-yoshlar, balki biz, o‘qituvchi-murabbiylar uchun ham tajriba almashish maktabi bo‘ldi, – deydi Toshkent moliya instituti ingliz tili fani o‘qituvchisi Ilhom Haydarov. – Yoshlar yuqori darajadagi mahorati, nazariy bilimlarini namoyish etdi. Ishtirokchilarning ingliz tilida erkin so‘zlasha olishi, tarjima mahorati barchani quvontirdi. Bu mamlakatimizda yoshlarning puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, davlatimiz g‘amxo‘rligi samarasidir.
Ushbu loyiha doirasida talabalarning Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrifi ham uyushtirildi. Ular temuriylar tarixiga oid ma’lumotlarni ingliz tilida tinglashdi.
Ikki kun davom etgan olimpiadada Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jamoasi ikkinchi, Toshkent davlat texnika universiteti vakillari uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.