Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ingichkada MDH mamlakatlaridagi yagona korxona ish boshladi
11:25 / 2024-08-30

Kattaqo‘rg‘on shahar Ingichka qo‘rg‘onchasida Ingichka boyitish fabrikasining II navbati ishga tushirildi.

O‘tgan asrning 70 yillarida Ingichkada yirik ruda qazib oluvchi konlar va qayta ishlovchi fabrika mavjud edi. Ammo keyinchalik mazkur konlarning ish unumdoriligi ancha pasayib, ishlab chiqarish deyarli to‘xtab qoldi.  

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2022 yilda bu yerdagi konlar faoliyati va ishlab chiqarishni tiklash uchun amaliy ishlar boshlandi. O‘sha yili loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirilib, yiliga 100 tonna volfram konsentrati olish yo‘lga qo‘yildi, 80 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.  

Sobiq Ingichka tajriba texnologiya ekspeditsiyasining foydalanilmayotgan binolari negizida barpo etilgan fabrikada 2023 yilda 5,7 milliard so‘mlik  volfram konsentrati olindi. 1,8 million dollarlik eksportbop 27 tonna volfram shtabiklari tayyorlandi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida volfram tarkibli 27,9 milliard so‘mlik 36 tonna qattiq qotishmali kompozit mahsulotlari ishlab chiqarilib, Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiy bo‘linmalariga yetkazib berildi.

Loyihaning ikkinchi – qayta ishlab chiqarish navbatini ishga tushirish tadbirida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston texnologik metallar kombinati rahbariyati, Samarqand viloyati va Kattaqo‘rg‘on shahar hokimliklari mas’ullari ishtirok etdi.

– Fabrikada 9 turdagi 43 ta yangi texnologik uskuna o‘rnatilib, kimyo laboratoriyasi, tahlil laboratoriyasi, boyitish tajriba sexi, maishiy binolar tashkil etildi, – deydi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruv raisi o‘rinbosari Zohid Ishmuhammedov. – Loyihaga ko‘ra, fabrikada Ingichka volfram konining 12 million tonnadan ziyod texnogen chiqindilari qayta ishlanadi. Fabrikaning ikkinchi navbati to‘liq ishga tushgach, yiliga 285 tonna tonna volfram konsentrati olinadi.

Fabrikani loyihalashtirish ishlari kombinatning loyiha ishlari boshqarmasi tomonidan, texnologik uskunalarni o‘rnatish va binolarni rekonstruksiya qilish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan amalga oshirildi.  

– “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Ingichka boyitish fabrikasining ishga tushishi natijasida 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi fabrikaning ishlab chiqarish bo‘limi rahbari Farhod Shonazarov. – Ilgari volfram rudadan olingan bo‘lsa, bugun texnologiyalar yangilanib, chiqindidan volfram olish yo‘lga qo‘yildi. Ingichkadagi ushbu fabrikada texnogen chiqindidan 40 foizgacha bo‘lgan volfram qotishmasi olinadi va u kombinatda qayta ishlanib, to‘liq holatga keladi. Aytish kerakki, mazkur fabrikadagi konsentrat dunyodagi eng tozalaridan biri sanaladi va dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega. Shuning uchun mahsulotning 95 foizi xorijga eksport qilinadi.  

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri