English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Infratuzilma orqali hayot farovonlashmoqda
19:02 / 2026-02-05

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi “Sardoba yog‘” paxta yog‘i va chorva ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida O’zLiDeP Oqoltin tuman Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan “Infratuzilma – farovonlik belgisi” loyihasi doirasida tadbir tashkil etildi.

Tadbir davomida korxona faoliyati, mahsulot sifati va ishlab chiqarish jarayonlari atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, mahalliy aholini bandlik bilan ta’minlash choralari ham tahlil qilindi. Xitoy texnologiyasi asosida qurilgan korxona yiliga 3 ming tonna yog‘ ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zavod kunlik 100 tonna paxta chigitini qayta ishlab, toza paxta yog‘i, kir sovun va chorvachilik uchun zarur ozuqa mahsulotlari kabi besh xil tayyor mahsulot ishlab chiqaradi.

Hozirda korxonada 60 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, shundan 20 nafari yoshlar hisoblanadi. Ishlab chiqarish to‘liq yo‘lga qo‘yilgach, qo‘shimcha 70 ta doimiy ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Bu mahallada ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy farovonlikni ta’minlashda muhim qadam bo‘lmoqda.

–  Bunday korxonalar mahalliy aholi uchun nafaqat ish o‘rni yaratadi, balki infratuzilmaning ahamiyati va samaradorligini ham ko‘rsatadi.Yoshlarni band qilish, sifatli mahsulot ishlab chiqarish va eksport salohiyatini rivojlantirish – biz uchun ustuvor vazifalardan biri. Bizning maqsadimiz – mahallalarda iqtisodiy va ijtimoiy farovonlikni ta’minlash, aholini ish bilan ta’minlash va korxonalar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir, – dedi tadbirda ishtirok etgan O’zLiDeP Oqoltin tuman Kengashi apparati rahbari Nargiza Mamajonova.  

Tadbirda shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi Oqoltin tuman bo‘limi rahbari Baxtiyor Mamatqulov hamda partiyaning tuman Kengashi deputati Shavkatjon Muqimov ishtirok etib, zavod rahbariyati bilan hamkorlikda ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish va quvvatni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Korxona ta’sischilari ma’lum qilishicha, zavod yiliga 54 milliard so‘mlik tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarni saqlash, qadoqlashdan tortib iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Bu nafaqat korxona iqtisodiy salohiyatini kengaytirish, balki aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash hamda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

“Infratuzilma – farovonlik belgisi” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakat iqtisodiyotining barqarorligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va korxonaning kelgusi istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri