Bugungi kunda mamlakatimizning har bir hududida keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ammo ayrim hollarda ba’zi infratuzilma ob’ektlari qurilishlarida kechikish holatlari yuzaga kelmoqda.

Shu yilning 16 iyun kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobidan bunyod etilayotgan ayrim infratuzilma ob’ektlari qurilishi kechikayotgani ko‘rsatib o‘tilib, bu borada ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mazkur masalada bir qator nazorat-tahlil tadbirlarini olib bormoqda.
Xususan, quyi palataning Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi vakillari tomonidan Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida ayni vaziyat atroflicha o‘rganildi. O‘rganishlarda aniqlangan masalalar, kechikayotgan ishlar tahlil qilinib, zarur taklif-tavsiyalar berildi.

Qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishida bu borada vazirlik va idoralarning axboroti eshitildi. Jumladan, Energetika vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “O‘zsuvta’minot” AJ mas’ullari mazkur masalalar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etdi.
Muhokamalarda xalq vakillari joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar davomida bu masalaga doimiy e’tibor qaratilayotgani, har bir kechikayotgan ob’ekt hududlarda aholining turli e’tirozlariga sabab bo‘layotganini ta’kidladilar. Ijrosi kechikayotgan loyihalar yuzasidan tender, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirish, nazorat va monitoringni qat’iy tartibda tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar muntazam o‘rganib borilishi ta’kidlandi.
M.Komilova, O‘zA