Qozog‘istonning ommabop “Infozakon” elektron nashrida “O‘zbekiston Respublikasida bolalar kambag‘alligini baholash” sarlavhali maqola e’lon qilindi.
Muallif Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi UNICEF bilan birga mamlakatimizda bolalar kambag‘alligi darajasini monetar baholaganiga e’tibor qaratgan.
Tadqiqotda ijtimoiy himoya tizimining kambag‘allik darajasiga ta’siri tahlil qilingan. Hisob-kitobga ko‘ra, ijtimoiy nafaqa bo‘lmasa, respublikada bolalar kambag‘alligi darajasi 1,6 barobar oshadi.
– Hisobot Statistika agentligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari byudjetini o‘rganish asosida tayyorlangan, – deyiladi maqolada. – 2021-yil o‘tkazilgan so‘rovda 10 ming xonadon ishtirok etgan, o‘tgan yil esa mamlakat bo‘ylab 16 mingdan ziyod oila o‘rganildi.
O‘zbekiston uch yil ichida bolalar kambag‘alligini 7,8 foiz kamaytirdi. Natijada mazkur ko‘rsatkich ikki yilda 21,5 foizdan 13,7 foizga tushdi.
Ta’kidlanishicha, kambag‘allik kamayishi tendensiyasi shahar va qishloq o‘rtasida sezilarli darajada farq qiladi. Xususan, bolalar kambag‘alligi darajasi qishloq joylarida 24,6 foizdan 14,5 foizga, shaharlarda esa 18 foizdan 13 foizga kamaydi.
– Shu tariqa O‘zbekiston barqaror rivojlanishning
birinchi maqsadi – 2030-yilgacha har qanday shakldagi kambag‘allikni bartaraf etishga sodiqligini namoyish etmoqda, – deya xulosa qilgan “Infozakon”. – Demak, bolalar kambag‘alligini monetar tarzda o‘lchash tegishli missiyani amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
G.Sattorova,
O‘zA