French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Informatika va axborot texnologiyalari fanidan Xalqaro olimpiadaga saralashning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
13:02 / 2022-02-06

So‘nggi yillarda umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari turli fanlardan Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, nufuzli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelayotgani kishini quvontiradi.

 Xalq ta’limi tizimida iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro olimpiadalarga ishtirokchilarni saralab olish va ularni tayyorlash maqsadida bir guruh mutaxassislar faoliyat yuritib kelmoqda.

Ayni kunlarda esa Informatika va axborot texnologiyalari fanidan nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlarni saralashning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. "Assessment Test" markazida taqdim etilgan yangi texnologiyalar sharoiti yordamida shaffof jarayon ta’minlangan.

Ushbu bosqich O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti hamda Bilim va ko‘nikmalarni baholash markazi hamkorligida o‘tkazilmoqda. Olimpiada jarayoniga qiziquvchilar uchun onlayn tarzda kuzatib borish imkoni ham yaratilgan.

Ma’lumot uchun, Xalqaro informatika olimpiadasi har yili yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan nufuzli xalqaro fan olimpiadalaridan biridir.  Ushbu olimpiadada har bir davlatdan bitta terma jamoa ishtirok etadi. Terma jamoa 2 nafar jamoa rahbari va 4 nafar ishtirokchi o‘quvchilardan iborat bo‘ladi. Ishtirokchi o‘quvchilar odatda har bir davlatning saralash olimpiadasi natijalariga ko‘ra terma jamoaga tanlanadi.

Xalqaro olimpiada ilk marotaba 1989 yil Bolgariya davlatida bo‘lib o‘tgan va har yili olimpiadaga mezbonlik qiladigan mamlakatlar o‘zgarib turadi. Olimpiadada 80 dan ortiq mamlakat terma jamoalari ishtirok etib kelmoqda. Mamlakatimiz o‘quvchilari ushbu nufuzli xalqaro olimpiadada 2015 yil Qozog‘istonning Olma-ota shahrida tashkil qilingan 27-Xalqaro informatika olimpiadasida ilk marotaba ishtirok etgan.

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA