O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan joriy yilning 23-27 oktyabr kunlari “INFOLIB UZBEKISTAN-2023” XII Milliy axborot-kutubxona haftaligi o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, ushbu tadbir oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Mamlakatimiz axborot-kutubxona sohasini yanada rivojlantirish, aholiga axborot olish manbai, shakl va metodlarini yetkazish, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish, kitobxonlik va kitob mutolaasini targ‘ib qilish, yoshlarni kutubxonalarga jalb qilish, soha mutaxassislarini zamonaviy, ilmiy-metodik ishlanmalar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilayotgan haftalik doirasida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari, tanlov va treninglar, mahorat darslari, kitob ko‘rgazmalari, yarmarkalar, taniqli fan va madaniyat namoyandalari, san’atkor va ijodkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, teatrlashtirilgan chiqishlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Haftalik doirasidagi asosiy tadbirlardan biri – “Yangi O‘zbekiston kutubxonachilari – yangi kuch, yangi imkoniyatlar, yangi marralar” mavzuidagi yosh kutubxonachilar forumida ishtirok etish uchun turli tizimlar va idoralar kutubxonalarining 35 yoshgacha bo‘lgan yosh mutaxassislari, madaniyat muassasalari va oliy o‘quv yurtlarining axborot-kutubxona mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim berayotgan yosh o‘qituvchi va aspirantlari, axborot-kutubxona markazlari rahbarlari va yosh mutaxassislari taklif etilgan.
[gallery-14133]
Avvalgi forum ishtirokchilarining qiziqish va takliflaridan kelib chiqib, bu yil forum doirasida qo‘shni mamlakatlar kutubxonalarining ijobiy tajribasini o‘rganishga bag‘ishlangan suhbatlar, yosh kutubxonachi mutaxassislar ishtirokida kasbiy rivojlanishga doir muloqotlar, kutubxonachilik sohasida axborot texnologiyalari yangiliklari, kutubxona menejmentiga oid seminar-treninglar, psixologik maslahatlar, muvaffaqiyatga erishish sirlari, suratga olish va tushish mahorati bo‘yicha davra suhbatlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Haftalik bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarida o‘tkaziladi.
Kamola Yusupova,
Davron Ernazarov (surat), O‘zA