Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan “INFOLIB O‘ZBEKISTON-2025” XIV Milliy axborot-kutubxona haftaligi tashkil etildi.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 72-maqsadida aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish belgilangan. Hozirda hududlarda aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni takomillashtirish, innovatsion shakl va turlarini hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish orqali avtomatlashtirilgan kutubxona tizimini yaratish muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.

Mazkur jihatlarni inobatga olgan holda haftalik bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarida tashkil etildi.
– Mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish umummilliy harakatga aylanib ketdi, – dedi ma’rifiy haftalikning ochilishida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bosh direktori Umida Teshaboyeva. – Prezidentimizning xalqimizni kitobxon millatga aylantirish borasidagi ezgu tashabbuslari hayotda o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Bu jihatlar mana shunday ma’rifiy haftaliklar davomida yana bir karra namoyon bo‘lmoqda.

“INFOLIB O‘ZBEKISTON-2025” XIV Milliy axborot-kutubxona haftaligini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yurtimizda axborot-kutubxona sohasini yanada rivojlantirish, aholiga axborotlar olishning manbai, shakl va metodlarini yetkazish, axborot-kutubxona foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish, kitobxonlik va kitob mutolaasini targ‘ib qilish, intellektual bilimi va saviyasini yuksaltirishga oid tadbirlar orqali ularning kutubxonalarga qiziqishini oshirishdan iborat. Ushbu ma’rifiy haftalik soha mutaxassislariga sohaga joriy qilingan zamonaviy, ilmiy-metodik ishlanmalar bilan tanishtirish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.
Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda soha mutaxassislari va kitobxonlar uchun bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari, tanlovlar, treninglar, mahorat darslari o‘tkazish hamda nashriyotlar ishtirokida kitob ko‘rgazmalari, yarmarkalarini tashkil etish, mutaxassislarning ma’naviy-madaniy bilimlarini oshirishga oid tadbirlar, mahorat darslari, viktorinalar, taniqli fan va madaniyat namoyandalari, san’atkor va ijodkorlar ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, teatrlashtirilgan chiqishlar namoyish etish rejalashtirilgan.
Haftalik doirasida yosh avlodni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston kutubxonachilari – yangi kuch, yangi imkoniyatlar, yangi marralar” shiori ostida V Yosh kutubxonachilar forumi o‘tkazilmoqda.
Forumning maqsadi zamonaviy talablarga javob beradigan muvaffaqiyatli kutubxona-axborot faoliyati uchun zarur bo‘lgan shaxsiy va kasbiy kompetensiyalarni, bilim, tajriba va ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun sharoit yaratish, yosh kutubxona mutaxassislari orasida kasbning obro‘sini oshirish va jamiyatda kutubxonachi hamda kutubxonalarning ijobiy imijini yaratishdan iborat. Shu bilan birga ushbu forum kutubxona ishini tashkil etishda innovatsion loyihalarni sohaga tatbiq qilish uchun yoshlarning kasbiy faolligini rag‘batlantirishni ham ko‘zlaydi.
Bu yilgi forum doirasida qo‘shni mamlakatlar kutubxonalarining ijobiy tajribasini o‘rganishga bag‘ishlangan suhbatlar, yosh kutubxonachi mutaxassislar ishtirokida kasbiy rivojlanishga doir muloqot, kutubxonachilik sohasida axborot texnologiyalari yangiliklari, “Ijodkor kutubxonachi” ruknida rasm chizish bo‘yicha tanlovlar, kutubxona menejmenti, “Intellektual qudratga ega yoshlarimiz, "Yangi O‘zbekistonimiz taraqqiyot ko‘zgusi”, “Zakovatli yoshlar yurt tayanchi”, "Sun’iy intellekt foydalimi yoki zararli?.." mavzularida seminar-treninglar o‘tkaziladi.
Kasbiy mahorat kunida “Edo.ijro.uz tizimi haqida asosiy tushunchalar va undan qanday foydalanish usullari” “Sun’iy intellekt.....” “O‘z loyihangni amalga oshir....” nomli trening va mahorat, darsi intelektual salohiyatni oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Milliy axborot-kutubxona haftaligi davomida “IFLA (Xalqaro kutubxonachilar assotsiatsiyasi) grantlari: Yosh kutubxonachilar uchun xalqaro tajriba almashish imkoni” mavzusida seminar-treninglar bo‘lib o‘tadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri