Joriy yilning 23-27 oktyabr kunlari O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarida "Infolib O‘zbekiston-2023” XII Milliy axborot-kutubxona haftaligi bo‘lib o‘tdi.
Haftalik davomida dasturdan o‘rin olgan tadbirlar qatorida yurtimizda faoliyat yurituvchi nashriyotlarda nashr etilgan yangi adabiyotlar, turli yo‘nalishdagi, jumladan huquqiy asarlarning taqdimotlari, "Yosh kutubxonachi: intiluvchan, izlanuvchan, iqtidorli” shiori ostida "Yosh kutubxonachilar" III forumi, "Yilning eng yaxshi axborot-kutubxona mutaxassisi – 2023" ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi va boshqa ma’naviy-ma’rifiy, madaniy anjumanlar tashkil etildi.
- Haftalik davomida tajriba almashdik, sohaga oid ilg‘or ishlar bilan tanishdik, - dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani axborot-kutubxona markazi rahbari Aqsumgul Yeshbayeva. - Bu haftalik bizlar uchun yaxshi motivatsiya bo‘ldi.
Besh kun davom etgan XII Milliy axborot-kutubxona haftaligining yakuniy kunida mutaxassislar uchun seminarlar, uchrashuvlar, memorandum imzolash marosimlari, davra suhbatlari o‘tkazildi.
Shuningdek, bugun Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani axborot-kutubxona markazi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX Osiyo o‘yinlari chempionlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar g‘oyat samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilgi axborot-kutubxona haftaligi doirasida ko‘plab qiziqarli, foydali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
N.Usmonova,
O‘zA