Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Infolib O‘zbekiston – 2023”: Kutubxona sohasi mutaxassislari uchun foydali seminarlar o‘tkazildi
18:42 / 2023-10-24

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Infolib O‘zbekiston – 2023” kitobxonlik haftaligi muvaffaqiyatli o‘tmoqda.

Haftalikning navbatdagi kuni ham ko‘plab ma’rifiy tadbirlar, anjumanlar, seminarlar, taqdimotlarga boy bo‘ldi.  

Xalqaro hamkorlikni tashkil etishning muammo va yechimlariga bag‘ishlangan seminar ham soha xodimlari uchun g‘oyat foydali bo‘ldi.  

Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bir qator xorijiy axborot-kutubxona va ta’lim muassasalari, tashkilotlar, nashriyotlar va O‘zbekistondagi xorijiy diplomatik vakolatxonalar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini olib boradi va rivojlantiradi. Keyingi yillarda axborot-kutubxona faoliyati, ta’lim va madaniyat sohalarida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, ko‘rgazmalar o‘tkazish, shuningdek, kutubxonaning muhim xalqaro loyihalarida ishtirok etishi bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik dasturlarini amalga oshirib kelmoqda.  

Bugungi kunda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda uning tizimidagi axborot-kutubxona markazlari ham xorijiy davlatlarning kutubxonalari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarini imzolamoqda. Shuningdek, Milliy kutubxona Yevropa, Osiyo, AQSH kutubxonalari va ilmiy muassasalari bilan adabiyotlar almashinuvini amalga oshirib kelmoqda.  

Seminar davomida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi xalqaro aloqalarni tashkil etish xizmati rahbari Gulbahor Qobiljonova axborot-kutubxona direktorlari uchun xalqaro aloqalarni tashkil etishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi, mavzuning dolzarbligi, qonunchilik doirasida xalqaro shartnomalar, memorandumlar tuzish, xalqaro kitob almashish imkoniyatlari, xorijiy delegatsiyalarni qabul qilish, xalqaro loyihalarda, konferensiya va seminarlarda ishtirok etish, hujjatlashtirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.  

Shu kuni “Axborot-kutubxona fondlarini xatlovdan o‘tkazish, qayta baholash, muammo va yechimlar”, “Axborot-kutubxona jamlanmasida mavjud muammo va yechimlar”, “O‘zbekiston Milliy kutubxonasida foydalanuvchilarni ro‘yxatga olishning yagona tartibi”, “Mediamahsulotlar yaratish va ulardan targ‘ibot materiallari sifatida foydalanish” kabi mavzularda seminarlar, anjumanlar o‘tkazildi.  

Ayni paytda yangi kitoblar, ma’rifiy loyihalarning taqdimotlari, ijodiy uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.  

 

N.Usmonova,  

O‘zA muxbiri