Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inflyuyenserlar xalqaro kongressi: Oʻzbekiston sayyohlik salohiyati targʻiboti
21:40 / 2019-08-23

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida 23-avgust kuni Inflyuyenserlarning birinchi xalqaro kongressi oʻz ishini boshladi.


Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida 23-avgust kuni Inflyuyenserlarning birinchi xalqaro kongressi oʻz ishini boshladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Madaniyat va Tashqi ishlar vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda dunyoning 40 dan ziyod davlatidan 100 ga yaqin inflyuyenser, blogerlar, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva va boshqalar mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, mamlakat imiji va sayyohlik bozorini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Ushbu anjuman xalqaro maydonda Oʻzbekiston brendini ilgari surish, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini koʻrsatib beruvchi kontent sifatini oshirish yoʻlidagi yana bir qadam ekani qayd etildi.

Inflyuyenserlarning birinchi xalqaro kongressi ijtimoiy tarmoqlar uchun kontent yaratuvchilar, trendsetterlar uchun oʻziga xos platformadir.

Anjuman qatnashchilari – inflyuyenserlar ijtimoiy tarmoqning faol ishtirokchilaridir. Ularning 1 milliondan 15 milliongacha obunachisi bor, “Instagram”, “Fasebook” va “Youtube” videoxostingidagi obunachilari umumiy soni 150 million kishini tashkil etadi.

Tadbirda mamlakatimiz sayyohlik salohiyati, soʻnggi yillarda turizm yoʻnalishida tadbirkorlik faoliyatini yuritish sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlar haqida taqdimot namoyish etildi.

Anjuman shoʻba majlislarida davom etdi. Unda dunyoda mashhur inflyuyenserlardan amerikalik Joshua Uoker, Germaniyadan Irina Sheyms, Braziliya vakili Erika Santos maʼruza qildi, Ishtirokchilar bilan oʻz tajribasini oʻrtoqlashdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritish, voqelik haqida xolis axborot tarqatish orqali insonlar fikrini ijobiy tomonga oʻzgartirish, sharhlar va tahliliy materiallar tayyorlashda mavzular qamrovi va oʻziga xos yondashuv boʻyicha tavsiyalar berildi.

Xalqaro forum doirasida ishbilarmon va inflyuyenserlar ishtirokida “B2I” shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari inflyuyenserlar bilan hamkorlikka doir kelishuvlarga erishdi.

Shu kuni “WIC Awards” mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Xalqaro anjuman ishtirokchilarning Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga sayohati bilan davom etadi. Bu inflyuyenserlarga tarixiy shaharlar boʻylab safar taassurotlari haqida kontentlar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish imkonini beradi.

“Forbes” jurnali tadqiqotiga koʻra, 18-35 yoshdagi kishilar sayohat qilish uchun manzil tanlashda “Instagram”, “Facebook”, “Youtube” kabi tarmoqlar maʼlumotidan keng foydalanadi. Shu maʼnoda Oʻzbekistonda tashkil etilgan Inflyuyenserlarning birinchi xalqaro kongressi mamlakatimiz turistik brendini xalqaro maydonda ilgari surish, sayyohlar oqimini sezilarli oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.