Ma’lumki, inflyatsiya – mamlakatdagi tovar va xizmatlar bahosi umumiy darajasining oshishidir. Bunda narxlarning ko‘tarilishi sababli mamlakat pul birligi xarid qobiliyatining pasayishi, ya’ni qadrsizlanishiga olib keladi.
Shu sababli, har bir davlatda inflyatsiyani me’yorda ushlab turish choralari ko‘riladi. Mutaxassislarning qayd etishicha, inflyatsiya darajasi 6 foizgacha bo‘lgan davlatlarda iqtisodiyot rivojlanadi. Ko‘plab davlatlar aynan shunday darajada inflyatsiyani ushlab turishga harakat qiladi.
Demak, inflyatsiyani jilovlashda xorij tajribasi qanday va bu O‘zbekiston amaliyotida qanday ahamiyat kasb etadi?
Mazkur savolga Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Jasur Jalolov quyidagicha javob berdi:
–Yuqori inflyatsiyaning iqtisodiyot, biznes va moliyaviy bozorlar va mamlakat aholisi uchun juda salbiy oqibatlari mavjud. Talabning ortishi, ta’minotni qisqartirish va milliy valyutaning qadrsizlanishi kabi bir qator omillar evaziga inflyatsiya yuz beradi.
So‘nggi yillarda butun dunyoda inflyatsiya oshishi kuzatilmoqda. Rivojlangan mamlakatlar markaziy banklari foiz stavkasini oshirish yo‘li bilan inflyatsiyani jilovlash maqsadida narxlar barqarorligini ta’minlashni reja qilgan.
Keling, bu mavzuni Angliya davlati misolida tahlil qilaylik. Masalan, Angliya banki inflyatsiyani ikki barobar pasaytirishga erishdi. Buyuk Britaniyada inflyatsiyaning 2,3 barobar sekinlashishida 3 ta asosiy omil muhim rol o‘ynadi. Ya’ni, Angliya bankining pul-kredit siyosati samaradorligi, energiya regulyatorining energiya narxlari bo‘yicha siyosati hamda manzilli subsidiya tizimi va jahonda energiya va oziq-ovqat narxlarining barqarorlashishi muhim ahamiyatga ega.
2023 yilning noyabr oyida Buyuk Britaniyada yillik inflyatsiya darajasi 4,6 foizgacha pasaydi. Bu esa so‘nggi ikki yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. 2022 yilning mos davrida inflyatsiya darajasi 10,5 foizni tashkil qilgan edi.
2023 yil davomida Angliya banki iqtisodiyotda talabni sovitish va narxlar oshishini sekinlashtirish maqsadida asosiy stavkasini ketma-ket 5 marta ko‘tardi. 2023 yilning fevral oyida asosiy stavka 3,5 foizdan 4 foizga oshirilgan bo‘lsa, mart oyida 4,25 foizga, may oyida 4,5 foizga, iyun oyida 5 foizga va avgust oyida 5,25 foizgacha ko‘tarildi. Hozirga qadar asosiy stavka 5,25 foiz darajasida saqlanib turibdi. Bu esa so‘nggi 15 yil davomidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Asosiy stavkaning ko‘tarilishi natijasida moliya bozorlarida foiz stavkalarining ko‘tarilishi moliyaviy vositalardan (masalan, depozitlar) keladigan daromadlarning oshishiga olib keldi va odamlarni sarflash o‘rniga ko‘proq jamg‘arishga undadi. Bu esa tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan talabni kamaytirdi.
Iste’mol va ipoteka kreditlari bo‘yicha yuqori foiz stavkasi odamlar va kompaniyalar kamroq qarz olishi va xarajatlar ehtimolini kamaytirdi va natijada iqtisodiy faoliyatning sekinlashishi talab inflyatsiyasini kamaytirdi. Foiz stavkasining ko‘tarilishi hamda talabning kamayishi importga bo‘lgan bosimni kamaytirib, valyuta kursining mustahkamlanishiga olib keldi. O‘z navbatida, bu import qilinadigan tovarlar va xizmatlar narxini pasaytirib, inflyatsiyaning ham pasayishiga xizmat qildi.
Gaz va elektr energiyasi bozori bo‘yicha boshqarma (The Office of Gas and Electricity Markets - Ofgam) energiya yetkazib beruvchilar tomonidan har bir gaz va elektr energiyasi birligidan undiriladigan maksimal miqdorni chekladi. Bu energiya bozoridagi o‘zgarishlarni aks ettirishi uchun chegarani har chorakda qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi.
Chegara global energiya bozoridagi o‘zgarishlarga qarab ko‘tarilishi yoki pasaytirilishi mumkin. Ofgam tomonidan energiyaga qo‘yilgan narx chegarasi 2022 yilning fevral oyidan boshlab keyingi davr uchun 1877 funt sterlingga (54 foizga) oshdi. 2022 yilning 4-choragida energiya narxlari keskin darajada oshgani sababli ushbu ko‘rsatkich 3371 funt sterlinggacha (80 foizga) ko‘tarildi.
Shuningdek, 2022 yilning oktyabr oyidan 2023 yilning mart oyigacha bo‘lgan davrda Energiya to‘lovlarini qo‘llab-quvvatlash tizimi (Energy Bill Support Scheme) doirasida uy-xo‘jaliklariga energiya xarajatlarining ma’lum qismini qoplash uchun manzilli ravishda 400 funt sterling miqdorida mablag‘ ajratildi. Inflyatsiya darajasini pasaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish uchun tegishli choralarning ko‘rilishi natijasida 2023 yilining oxirlariga kelib inflyatsiya darajasi ikki barobardan ko‘proqqa pasaydi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi