Markaziy bank jamoatchilikka o‘zining Pul-kredit siyosatining 2026 yil va 2027-2028 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari loyihasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy inflyatsiya darajasi bosqichma-bosqich pasayib, 2026 yil oxirida 7 foiz atrofida bo‘lishi, tashqi inflyatsiyaviy bosimlarning pasayishi va inflyatsiyaviy kutilmalarning barqarorlashishi sharoitida qimmatlashuv yoki arzonlashuvning umumiy darajasi 2027 yilda 5 foizlik targetgacha pasayishi va 2028 yildan boshlab target doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
Markaziy bank aholi, biznes va moliya bozori ishtirokchilarining inflyatsion kutilmalarini inflyatsiya darajasiga yaqin shakllanishini ta’minlash uchun har oy so‘rovlar o‘tkazadi. Chunki aholi va biznesning inflyatsiya darajasi bo‘yicha kutilmalari Markaziy bank, umuman iqtisodiyot uchun juda muhim. So‘rov natijalariga qarab, Markaziy bank o‘zining pul-kredit siyosatini kuchaytirish yoki yumshatish, foiz stavkalarini o‘zgartirishga doir qarorlar qabul qiladi, narxlarni barqarorlashtirish choralarini ko‘radi.
Inflyatsiya – bu har birimizning kundalik hayotimizga ta’sir qiluvchi muhim iqtisodiy jarayon, kelgusidagi narxlarning qay darajada o‘sishi/pasayishi haqidagi tasavvur, taxminlarimiz hosilasi ekan, biz bu so‘rovda faol ishtirok etishimiz kerak. So‘rovda qatnashuvchi ob’ektlar soni va auditoriyasi qancha keng bo‘lsa, Markaziy bankning inflyatsiya darajasini real baholash imkoniyati shuncha oshadi.

Sizu bizning inflyatsiya kutilmalarimiz shaxsiy kuzatuvlar (bozordagi narxlar), ommaviy axborot vositalari, valyuta kursi, hukumat va Markaziy bankning siyosatini baholash, tashqi iqtisodiy vaziyat orqali shakllanadi. Masalan, yoqilg‘i yoki oziq-ovqat narxlari ko‘tarilayotgani haqidagi xabarlar keng tarqalsa, aholi umumiy narxlar ham oshib ketadi, deb o‘ylay boshlaydi.
Oddiy qilib aytganda, agar odamlarning katta qismi «kelasi yili narxlar 10 foizga oshib ketadi», deb o‘ylasa, ular o‘zini shunga mos ravishda tuta boshlaydi: tovarlarni oldindan xarid qiladi, biznes o‘z mahsulotlari narxlarini oldindan oshiradi, ish haqini oshirish masalalari ko‘tariladi.
Inflyatsiya kutilmalari yuqori bo‘lganda Markaziy bank inflyatsiyani pasaytirish, kutilmalarni barqarorlashtirish, inflyatsiya risklari, pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish, inflyatsiya darajasini maqsadli ko‘rsatkichga qaytarish, psixologik omillarni “sindirish” borasida aniq va ishonchli signallar bera boshlaydi.
Masalan, kreditlarni qimmatlashtirish, pulga bo‘lgan talabni susaytirish, iqtisodiy faollikni sovitish, narxlarning o‘sishi oldini olish uchun Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini oshiradi. Bosim narxlarga tushmasligi uchun makroprudensial choralar – iste’mol kreditlari, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratilishiga cheklovlar o‘rnatadi. Bank tizimidan ortiqcha pullarni depozitlarga tortish, auksionlar o‘tkazish orqali pulga bo‘lgan talabni qisqartiradi va narxlarning jadal o‘sishining oldini olish choralarini qo‘llaydi. Bordiyu kutilmalar yuqoriligi milliy valyutaning xarid quvvati tushishi bilan bog‘liq bo‘lsa, so‘m barqarorligini ta’minlash uchun intervensiyalar qiladi – bozorga valyuta zahirasidan ma’lum hajmda valyuta chiqaradi, kursning o‘sib ketmasligi, import narxlari oshishining oldini olish choralarini ko‘radi.
Bizning inflyatsiyaga doir kuzatuvlarimiz, kutilmalarimiz past, xavotirli bo‘lmasa, bu hol Markaziy bankning kelgusidagi erkin xatti-harakatiga ta’sir ko‘rsatadi, regulyator o‘zining pul-kredit siyosatini yumshatadi va avvalambor kreditlarni arzonlashtirish, investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va eng muhimi iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun qayta moliyalash stavkasini tushiradi. Narxlar o‘sishiga ta’sir qilmaydigan darajada iqtisodiyotni kreditlashga, iqtisodiy faollikni jo‘shtirishga sharoit yaratadi. Bank tizimi likvidligini oshirish barobarida kursning keskin sakrashi, inflyatsiyaning jadal o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik tadbirlarini amalga oshiradi.
Markaziy bank inflyatsiyani va inflyatsiya kutilmalarini nazorat qilar ekan, o‘z qarorlarini ochiq tushuntirib, prognozlarini e’lon qilib borsa, aniq va barqaror siyosat yuritsa, tabiiyki, aholi va biznesning unga bo‘lgan ishonchi oshadi, kutilmalar barqaror bo‘ladi, inflyatsiya pasayadi. Mana shunda Markaziy bank o‘z rolini bajargan hisoblanadi.
Shu o‘rinda aholi va biznesning inflyatsiya kutilmalarida nega farq bo‘lishiga to‘xtalib o‘tsak.
Bu farq ularning bozordagi mavjud vaziyatni his etishi bilan bog‘liqdir. Masalan, aholi inflyatsiya darajasini kundalik turmushiga eng zarur va ko‘p sotib oladigan mahsulotlar (oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, kommunal to‘lovlar) narxiga qarab belgilaydi. Biznes esa birinchi navbatda, xarajatlar va bozordagi vaziyatni (mahsulot narxi, valyuta kursi, logistika va hokazo) e’tiborga oladi. Aholi yangilik va xavotirga beriluvchan bo‘lsa, biznes tahlilga tayanadi. Odamlar pulini valyutaga almashtira boshlaydi, zarur tovarlarni zaxira sifatida xarid qiladi, biznes esa bosiqlik ko‘rsatadi, ya’ni tavakkalchiliklarni cheklaydi – valyuta sotib oladi, uzoq muddatli shartnomalar tuzadi, mahsulot g‘amlaydi, mahsulotlari narxini oshiradi.
Turli kutilmalardan yakuniy ko‘rsatkichga kelish, birxillashtirish uchun Markaziy bank kutilmalarni bir nuqtaga, ya’ni inflyatsiya targeti ko‘rsatkichiga yaqinlashtirish uchun maxsus mexanizm qo‘llaydi.
Markaziy bank turli guruhlardagi kutilmalarni yaqinlashtirish uchun jamoatchilik bilan yaqin munosabat o‘rnatadi va o‘z harakatlarini, sabablarini sodda tilda, hayotiy misollar, raqamlar va tahlillar orqali tushuntira boradi. Pirovardida aholi va biznesning bir xil raqamga ishonib, o‘z qarorlarini shu raqam atrofida shakllantirishga olib keladi.
Asqar Haydarov