English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Infeksiya yuqtirmaslikning asosiy omili – sog‘lom turmush tarzi
10:45 / 2023-11-29

1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuni

Buxoroda Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan viloyat OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.  

Anjumanda viloyatda vujudga kelgan epidemiologik vaziyat hamda OIV infeksiyali shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar bo‘yicha axborot berildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada amalga oshirilayotgan ishlarda dasturilamal bo‘lmoqda.

[gallery-14809]

Joriy yilning o‘tgan davri davomida 150 dan ortiq shaxs OIV infeksiyasi bilan ro‘yxatga olingan. 2023 yilning 10 oyida qayd etilgan bemorlar kasallikni o‘ziga yuqtirib olish yo‘llari tahlil qilinganda 70 foiz holatlarda betartib himoyalanmagan jinsiy aloqa orqali yuqtirib olgani, 13 foiz holatlarda kasallikni parenteral yo‘l orqali va 6 foizi vertikal yo‘l orqali yuqtirib olgani taxmin qilingan. Viloyat bo‘yicha jami 2023 yil 10 oyida 25956 nafar nikohlanuvchi OIV infeksiyasiga tekshirilgan bo‘lsa, shundan 1735 nafari to‘ydan keyin tekshirilgan va 3 nafarida OIV infeksiyasi aniqlangan.  Kasallikni o‘ziga yuqtirib olganlar bilan olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, kasallik asosan chet elda migratsiyada bo‘lib qaytganlar orasida ko‘proq uchramoqda. Epidemiologik tahlillar shuni ko‘rsatmoqdagi kasallik qayd etilishi yildan yilga oshib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan biri bu aholining sog‘lom turmush tarziga rioya qilmasligidir. Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha o‘zga shaxsni OIV infeksiyasini yuqtirish xavfi ostida qoldirganlik uchun viloyat IIB jinoyat qidiruv bo‘limiga 2023 yilning 10 oyida 8 ta holat bo‘yicha ma’lumot kiritildi.

Viloyat OITSga qarshi kurashish markazida 2023 yil 1 noyabr holatiga 1700 ga yaqin OIV infeksiyali shaxs dispanser nazoratiga olingan bo‘lib, bemorlar davlat tomonidan bepul ARVT bilan ta’minlab kelinmoqda.

 Markazda aholiga qulaylik yaratish maqsadida to‘liq anonim tarzda xizmat ko‘rsatuvchi “Do‘stona xona” faoliyat olib boradi. Bunda betartib jinsiy xayot kechiruvchi shaxslar o‘zlarining shaxslarini sir saqlagan holda barcha tibbiy muolajalarni va dori vositalarini bepul olishi mumkin. Bundan tashqari viloyatda (Buxoro shahrida 3 ta, Kogon shahar, Buxoro, Jondor, Olot, Romitan, G‘ijduvon tumanlarida 1 tadan) Global fond jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriluvchi 9 ta Ishonch xonalari tashkil etilgan. Bular tomonidan IOGMIQ (igna orqali giyohvand moddalar istemol qiluvchi) shaxslarga anonim xizmat ko‘rsatilib, OIV infeksiyasini oldini olish maqsadida profilaktik vositalar bepul tarqatiladi.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan aniq javoblar oldi.  

 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),

O‘zA muxbirlari