Infantino Ukrainadagi “Mirotvorets” bazasiga kiritildi
FIFA rahbari Janni Infantino Ukrainada faoliyat yurituvchi “Mirotvorets” ma’lumotlar bazasiga kiritildi. Ushbu ro‘yxatga, odatda, milliy xavfsizlikka ehtimoliy tahdid, deya baholanadigan shaxslar haqidagi ma’lumot joylanadi.
Ma’lum qilinishicha, bu qaror Infantinoning 2 fevral kuni bergan bayonoti bilan bog‘liq. Ya’ni, FIFA prezidenti Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiya kutilganidek samara bermaganini aytgan va RF klublarini xalqaro musobaqalarga qayta qo‘shish masalasini muhokama qilish taklifini ilgari surgan.
"The Times" nashri esa Yevropa davlatlari tomonidan keskin qarshilikka uchrashi ehtimoli sabab, FIFA Kengashi bu masalani rasmiy kun tartibiga kiritmaslikka qaror qilgani haqida yozdi. Demak, Rossiya klublarining xalqaro turnirlardagi ishtiroki masalasi hozircha ochiq qolmoqda.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA