O‘zbekistonga kelgan Singapurning “Indorama Corporation” kompaniyasi raisi Shri Prakash Loxiya boshchiligidagi delegatsiya tashrifini Farg‘ona viloyatidan boshladi.
“Indorama Corporation” yurtimizga paxta va to‘qimachilik sanoati hamda boshqa sohalarning rivoji yo‘lida yirik investitsiya kiritayotgan kompaniyadir. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi yanada katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.Kompaniya mamlakatimizning bir qator hududlarida ko‘plab istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishni boshlamoqda.

Delegatsiya a’zolari dastlab Qo‘qon shahridagi “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib, uning faoliyati bilan tanishdi.

“Qo‘qon superfosfat zavodi” faoliyatini diversifikatsiya qilish maqsadida 2019 yilda uning 96 foiz aksiyalari “Indorama Corporation” kompaniyasiga sotilib, bu yerda keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Natijada ishlab chiqarish quvvati yiliga 75 000 tonnadan 350 000 tonnaga yetkazildi. Shuningdek, Ispaniya, AQSH, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Xitoy davlatlarining yetakchi kompaniyalaridan zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatildi. Ayni kunlarda qishloq xo‘jaligi sohasi uchun sifatli mineral o‘g‘it ishlab chiqarilmoqda.

Bu yerda umumiy qiymati 70 million dollar bo‘lgan ikki bosqichli investitsiya dasturining birinchi bosqichi doirasida superfosfat ishlab chiqarish tarmog‘i ishga tushirildi. 500 kishi ish bilan ta’minlanib, ishlab chiqarish quvvati besh barobarga oshirildi. 2021 yilda superfosfat, suvda tez eruvchan kompleks mineral o‘g‘itlar, azot-fosfor-kaliyli (NPK) mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi liniyalar ishlay boshladi.
Ayni kunlarda mazkur aksiyadorlik jamiyatida 40 million dollardan ortiq investitsiya hisobiga ikkinchi bosqich loyihasi amalga oshirilayotgan bo‘lib, yangi liniyalarni qurish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. 2024 yilning birinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan loyiha natijasida 100dan ziyod ish o‘rni yaratiladi, yiliga 24 million dollarlik uch turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni bo‘ladi.

“Indorama Corporation” kompaniyasining Farg‘ona viloyatidagi ilk loyihasi bo‘lgan “Indorama Kokand Textile” korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifati bilan jahon bozorida xaridorgir. Bu yerda 50 ming tonna ip-kalava ishlab chiqariladi. Mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlangan. Korxonada xalqaro darajadagi xavfsiz ishlab chiqarish tizimi yo‘lga qo‘yilgan, bu yo‘nalish ISO va boshqa sertifikatlarga ega. Joriy yilning o‘tgan davrida 25 million dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritildi. O‘tgan yilda 110 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Yildan-yilga mahsulot sifatini yaxshilash maqsadida modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Kompaniya delegatsiyasi bu yerdagi ish jarayonini yuqori baholadi. Ishchilar bilan muloqot qilinib, to‘qimachilik sanoatida sifat muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Xorijiy kompaniya xayrli tashabbuslar, ijtimoiy loyihalarda ham doimo faol. Qo‘qon shahridagi bolalar shifoxonasida homiylik asosida rekonstruksiya ishlari bajarilib, 50 o‘rinli nevrologiya va erta tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘limi binosi foydalanishga topshirildi. Ushbu bino ta’mirlanishiga 2 milliard 465 million so‘m mablag‘ sarflandi. “Indorama Corporation” delegatsiyasi a’zolari mazkur shifoxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, bu kabi ezgu ishlar tizimli davom etishini bildirdi.
–O‘zbekiston bizning yaqin va ishonchli do‘stimiz, –deydi Singapurning “Indorama Corporation” kompaniyasi raisi Shri Prakash Loxiya.– Ayniqsa, Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyevning biz kabi investorlarni qo‘llab-quvvatlashi katta madad va kuch bo‘lmoqda. Yurtingiz juda tez rivojlanib bormoqda. To‘qimachilik sanoati ham shunday. Biz endilikda agrobiznes va boshqa sohaga ham yirik investitsiya kirityapmiz. Yurtingizda yana ko‘plab loyihalarni amalga oshiramiz. Bugungi tashrifimizning maqsadi shunday.
“Indorama Corporation” kompaniyasi delegatsiyasi a’zolari “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyatida bo‘ldi. Bu yerdagi amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan modernizatsiya loyihalarini ko‘zdan kechirishdi.
Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining qaroriga asosan «Farg‘onaazot» aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalidagi 99,02 foiz aksiyalar paketini xususiylashtirish bo‘yicha tender yakunlari jamiyat aksiyalar paketini 130 million AQSH dollari va 107 milliard so‘mga sotib olish hamda investitsiya kiritish sharti bilan «Indorama Sorporation Pte Ltd» kompaniyasi savdo g‘olibi etib topilgan.
Prezidentimizning joriy yil 27 iyulda qabul qilingan “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyatida mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda ichki va tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishning mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini tatbiq etish rejalashtirilgan.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov(surat), O‘zA muxbirlari.