Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Indor xokkey: ayollar terma jamoamiz Osiyo kubogida bronza medaliga sazovor boʻldi
11:34 / 2019-07-22

Mazkur musobaqada erkaklar terma jamoamiz esa 4-oʻrin bilan kifoyalandi


Mazkur musobaqada erkaklar terma jamoamiz esa 4-oʻrin bilan kifoyalandi 

Xabar berganimizdek, Tailandning Chonburi shahri mezbonlik qilgan Indor xokkey boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasidagi Osiyo kubogi yakuniga yetdi. Ushbu nufuzli turnirda ham erkaklar, ham ayollar terma jamoamiz munosib ishtirok etdi.

Rinat Mamatkazin murabbiyligidagi erkaklar termamiz oʻz guruhida Xitoy Taypeyi (7:2), Singapur (2:1) va Nepal (13:2) termalarini magʻlubiyatga uchratib, faqat Qozogʻiston terma jamoasiga imkoniyatni boy bergan (1:4) holda guruhda 2-oʻrin egasi sifatida yarim finalga yoʻllanma oldi. Yarim finalda “V” guruhi gʻolibi, sportning ushbu turi boʻyicha qitʼada yetakchilardan hisoblangan Eron termasiga ham yutqazib qoʻydi (1:9). Nihoyat, 3-oʻrin uchun Malayziya termasiga qarshi kechgan oʻyinda ham hamyurtlarimizga omad yetishmadi (3:6). Shu tariqa erkaklar terma jamoamiz qitʼada toʻrtinchi jamoa nomiga loyiq topildi.

Erkaklar oʻrtasidagi musobaqalarda eronliklar oltin, Qozogʻiston kumush va nihoyat malayziyaliklar bronza medaliga ega chiqishdi.

Oybek Patidinov ustozligidagi ayollar terma jamoamiz ham musobaqani koʻtarinki ruhda oʻtkazdi. Qizlarimiz guruhda Nepal (9:0), Filippin (11:0) termalarini yirik hisoblarda magʻlub etib, Qozogʻiston (2:7) va Eron termasiga (1:4) imkoniyatni boy berishdi. Toʻplar nisbatiga koʻra guruhda ikkinchi oʻrindan joy olgan hamyurtlarimiz yarim finalda tailandliklarga kichik hisobda (3:5) yutqazib qoʻyishdi.

3-oʻrin uchun kechgan bahsda xokkeychi qizlarimizga ham malayziyaliklar roʻbaroʻ keldi. Uchrashuvning asosiy vaqtida durang qayd etildi, bulut boʻyicha omad oʻzbekistonliklarga kulib boqdi (1:0). Shu tariqa terma jamoamiz qitʼaning nufuzli musobaqasida faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Ayollar bahsida bosh sovrin qozogʻistonliklarga nasib qildi. Tailand va Oʻzbekiston terma jamoalari ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni boʻlishib oldi.