Indoneziyaning Papua oroli sharqiy mintaqasidagi oltin konida kuchli yomg‘ir tufayli ko‘chki yuz bergan. Qutqaruvchilar hodisa tufayli bedarak yo‘qolgan 19 kishini qidirmoqda. Bu haqda “Arab News” xabar bergan.
Tabiiy ofatlar oqibatini yumshatish agentligi vakili Abdul Muxariy aytishicha, juma kuni kechqurun kuchli yog‘ingarchilik kuzatilib, G‘arbiy Papua muzofotidagi Arfak tog‘ida mahalliy aholi boshqaruvidagi kichik konda ko‘chki sodir bo‘lgan.
– Ko‘chki konchilar foydalanayotgan vaqtincha boshpanagacha yetgan, – deydi mulozim. – Natijada kamida bir kishi halok bo‘lgan, to‘rt odam jarohatlangan. 19 ishchining taqdiri noma’lum. Yo‘qolganlarni qidirish uchun 40 nafar qutqaruvchi, politsiya xodimlari va harbiylar yuborilgan. Indoneziyada mineral resurslar hukumat tomonidan tartibga solinishi qiyin hududlar ko‘p, kichik konlardan tillani noqonuniy qazib olish holatlari yetarli. Tabiiyki, baxtsiz hodisalar ham tez-tez ro‘y beradi.
Mahalliy qutqaruv guruhi rahbari Yefri Sabaruddin “Reuters” agentligiga ma’lum qilishicha, qidiruv ishlari fojianing ertasiga, ya’ni yakshanba kuni boshlangan: mutaxassislar voqea joyiga yetib borishi uchun kamida 12 soat vaqt ketgan.
– Buzilgan yo‘llar, toshli dara, shuningdek noqulay ob-havo amaliyotni qiyinlashtirmoqda, – deya qo‘shimcha qilgan Yefri. – Qurbonlar soni ortishi mumkin.
M.Pirmatova, O‘zA