Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Indoneziyaning beshinchi Prezidenti Samarqanddagi universitet faxriy professori bo‘ldi
20:18 / 2024-09-21

Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros unversitetida shu kunlarda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Indoneziya Respublikasining beshinchi Prezidenti, Milliy tadqiqot va innovatsiya agentligi boshqaruvchilar kengashi raisi Megavati Sukarnoputri xonim ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Universitet rektori, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Megavati Sukarnoputri xonimni yurtimizga tashrifi bilan tabriklab, mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur universitetda bugungi kunda nafaqat o‘zbekistonlik, balki xorijdan ham talabalar kelib tahsil olayotgani, ularga dunyodagi nufuzli universitetlar professor-o‘qituvchilari, turizm sohasi vakillari saboq berayotganini ta’kidladi.

– Men uchun O‘zbekistonda bo‘lish, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish ulkan sharaf, – dedi Megavati Sukarnoputri xonim. – Chunki, mening otam – Indoneziyaning birinchi Prezidenti Sukarno bu yerdagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishni orzu qilib, juda qiyinchilik bilan bu niyatiga erishgan. Men ham otamdan bu ulug‘ zot haqida ko‘p eshitganman va o‘shandayoq buyuk muhaddis mangu orom topgan maskanni ziyorat qilishni ko‘nglimga tukkandim. Bugun bu orzuim amalga oshganidan xursandman. O‘zbekistonda keyingi yillarda turizm sohasini, jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish borasidagi ishlar haqida eshitgandim, endi esa bunga bevosita guvoh bo‘ldim. Biz O‘zbekistonning bu boradagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz va hamkorlik qilishga tayyormiz.

[gallery-19394]

Tadbir doirasida universitetning navbatdagi 130 nafar magistriga diplom topshirish marosimi o‘tkazildi. E’tiborlisi, bitiruvchilarning 95 nafari 16 xorijiy davlat yoshlari hisoblanadi.  

Indoneziyaning beshinchi Prezidenti magistrlarga mustaqil hayotga oq yo‘l tiladi.

Diplom topshirish marosimida Megavati Sukarnoputri xonimga “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetining “Faxriy professori” unvoni berildi.

Megavati Sukarnoputri xonim Indoneziyaning birinchi Prezidenti Sukarnoning qizi. 2001-2004 yillarda ushbu davlatning beshinchi va ilk ayol Prezidenti bo‘lgan. “Forbs” jurnali tomonidan Megavati Sukarnoputri xonim 2004 yilda dunyodagi eng nufuzli ayollar o‘ntaligidan o‘rin olgan.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari