Indoneziyada vulqon otilishi sababli mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi
Indoneziyaning Sharqiy Nusa Tenggara provinsiyasida otilayotgan Levotobi vulqoniga tutash aholi punktlarining 1172 nafar aholisi evakuatsiya qilindi.
«Antara News» nashrining xabar berishicha, Flores orolidagi vulqon bir kun avval faollashgan.
Evakuatsiya qilinganlarning aksariyati ayollar va yosh bolalar bo‘lgan. Har bir inson vaqtinchalik yashash markazlariga joylashtirilgan. Ular oziq-ovqat, ichimlik suvi, issiq ko‘rpa-to‘shak va boshqa zarur buyumlar bilan ta’minlandi.
Vulkanologiya va geologik xavfni yumshatish markazi vulqon bir yarim ming metr balandlikdagi kul ustunini chiqarib yuborganini xabar bermoqda.
O‘zA