Indoneziyada o‘zbek tili va madaniyati o‘quv kursi ochildi
Mashg‘ulot davomida tinglovchilarga yurtimiz tarixi, madaniyati, adabiyoti, ziyorat turizmi salohiyati haqida ma’lumot berilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, rus shoiri A.S.Pushkin o‘z ijodida 25 ming, ingliz adibi V.Shekspir 22 ming, ispan yozuvchisi Servantes esa 18 ming so‘zga murojaat qilgan bo‘lsa, mumtoz adabiyotimizning buyuk vakili Alisher Navoiy o‘z asarlarida 28 mingdan ortiq so‘z ishlatgan ekan. Quvonarlisi, bugun ana shunday boy tilimizni o‘rganishga bel bog‘lagan xorijliklar safi oshib bormoqda.
Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi “Polyglot Indonesia” o‘quv klubida O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi tashabbusi bilan o‘zbek tili va madaniyati mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yildi. Birinchi dars 15 sentabrda tashkil etilib, unda talabalar, tadqiqotchi olimlar, biznes doira va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mashg‘ulot davomida tinglovchilarga yurtimiz tarixi, madaniyati, adabiyoti, ziyorat turizmi salohiyati haqida ma’lumot berilgan. Shuningdek, tinglovchilar o‘zbek milliy oshxonasi bilan yaqindan tanishdi.
– 1997-1998 yillarda ilmiy maqsadda O‘zbekistonda bo‘lganman, – deydi amerikalik tadqiqotchi Skott Xartmann. – O‘shandan buyon 20 yil o‘tdi. Bugungi darsda yurtingiz haqidagi video va foto materiallar bilan tanishib, yaqin kunlarda bu diyorga yana borishga qaror qildim. O‘zbek madaniyati, milliy taomlarini juda sog‘inganman.
Birinchi mashg‘ulot yakunida o‘zbekcha iboralarni yod olgan tinglovchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mamlakatimizning Indoneziyadagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Polyglot Indonesia” klubida yo‘lga qo‘yilgan o‘zbek tili o‘quv kursi birinchi mashg‘ulotdanoq 70 nafardan ziyod tinglovchini qamrab olgan.