Indoneziyada bo‘yi besh metr keladigan ulkan ilon ayol kishini yutib yubordi. Hodisa qurbonining jasadi bir kundan keyin sudraluvchi oshqozonidan chiqarib olindi.
Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, baxtsiz voqea Janubiy Sulavesi muzofotidagi Kalempang qishlog‘ida sodir bo‘lgan. 6 iyun kuni 45 yoshli ayol uyidan chiqib, qalampir sotish maqsadida o‘rmon bo‘ylab bozorga ketgan.
Juvon uyiga qaytmagach, yaqinlari xavotirga tushgan va qishloq ahlini qidiruvga chaqirgan.
Ertasi kuni odamlar chakalakzorda qorni bo‘rtib turgan besh metrli ulkan pitonni uchratdi. Hamqishloqlar jiddiy shubha uyg‘otgan jonivorni o‘ldirib, sudralib yuruvchining oshqozonidan marhumani tortib olishdi.
Shunga o‘xshash hodisa 2017 yil ham sodir bo‘lgan edi. O‘shanda voqeadan ikki kun o‘tib, yetti metrli ilon qornidan erkak kishi jasadi chiqqan.
Indoneziya va Filippinda uzunligi olti metrdan oshadigan ulkan pitonlar juda ko‘p. Zahri yo‘q bunday ilonlar kamdan-kam holda insonga hujum qiladi, asosan mayda jonivorlarni ovlaydi.