2036 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga da’vogar davlatlar safiga Indoneziya ham qo‘shildi.
Indoneziya prezidenti Joko Vidodo Bali shahrida tashkil etilgan G20 sammitida mamlakatning yangi poytaxti Nusantara shahrida 2036 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun ariza topshirishini rasman e’lon qildi.
"G20 sammiti raisi sifatida unga a’zo davlat rahbarlari bilan birgalikda sportning sog‘liq uchun muhimligini va hozirgi global vaziyatda barcha mamlakatlarni birlashtirish qobiliyatini ta’kidlagan holda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining muvaffaqiyati xalqaro sport tadbirlarida betaraflikni saqlash muhim. Shu bois, Indoneziyani 2036 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini qabul qilishga da’vogar mamlakat sifatida e’lon qilaman” deya ta’kidladi Indoneziya prezidenti.
Vidodoning ushbu bayonotini Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax qo‘llab-quvvatlashini bildirib, G20 sammitida shunday masalalarning kun tartibiga chiqishi katta ahamiyatga egaligini aytdi. Indoneziyaning yangi poytaxti Nusantarada 2036 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish masalasi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan iliq kutib olinganligini bildirdi.
Aytish lozim, 2018 yili mamlakatning Jakarta shahrida yozgi Osiyo o‘yinlari tashkil etilgandi. Bundan ikki yil muqaddam Indoneziya 2032 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish uchun kurashda Avstraliyaning Brisben shahriga yutqazib qo‘ygandi.
Yana bir e’tiborli jihat, Indoneziya 2036 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini qabul qilishga da’vogar so‘nggi mamlakat hisoblanadi, deyiladi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi xabarida.
Joriy hafta boshida Meksika sport vaziri Ana Gevara 2036 yilgi Olimpiya va paralimpiya o‘yinlarini qabul qilish bo‘yicha ishchi guruh tuzilganligini e’lon qilgandi.
Bir oy muqaddam Seulda o‘tgan Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi (GAISF) Bosh Assambleyasi yig‘ilishi jarayonida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bosh direktori Kristof de Kepper 10 ta mamlakatning yozgi Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha takliflari o‘rganib chiqilayotganligini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2036 yilgi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini qabul qilish borasida Misr, Hindiston, Rossiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Qatar davlatlari avvalroq da’vogarlik qilishini e’lon qilgandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA