“Assoshieyted Press” agentligi xabar berishicha, kecha Indoneziyaning Malang shahrida joylashgan stadionda futbol o‘yini tugashi bilan tartibsizlik yuzaga kelgan.
Mahalliy "Arema Kronus" klubi "Persebaya" jamoasiga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Tomoshabinlar o‘yinchilar va hakamga norozilik bildirish maqsadida maydonga shisha idish va boshqa turli jismlarni uloqtira boshlagan.

Mazkur harakat stadion tashqarisiga ham tarqalgan, "Arema Kronus" muxlislari kamida beshta politsiya mashinasini yoqib yuborgani aytilmoqda. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, 127 fuqaro qurbon bo‘lgani e’lon qilingandi. Hozirgina ayni ko‘rsatkich 174 ga yetgani to‘g‘risida yangi xabar berildi.

Politsiya vaziyatni barqarorlashtirish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatishga majbur bo‘lgan. Jarohatlanganlar soni 300 dan ziyod edi, ularning aksari kasalxonaga ketar chog‘ida hayotdan ko‘z yumgan. Ayni payt yuzdan ortiq kishi davolanyapti.
Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo yakshanba kuni televideniye orqali qilgan murojaatida halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. U xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat baholangunga qadar mamlakat futbol chempionati to‘xtatib turilishini bildirdi.
Davlat rahbari, shuningdek, sport vaziri, politsiya rahbariyati va Indoneziya futbol assotsiatsiyasiga mamlakatda futbol o‘yinlarini tashkil etish bo‘yicha kompleks audit o‘tkazishni buyurgan.

Aytgancha, Indoneziya 2023 yil 20 maydan 11 iyunga qadar futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA