Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
In-vitro ko‘chati: asosiy mezon sifat va samaradorlik (+video)
18:10 / 2026-03-04

Yurtimizda hozir ayni ko‘chat ekish mavsumi. Bozorlar, aholi gavjum joylar va katta yo‘l yoqalarida ko‘chat sotish nuqtalari tashkil etilgan. Qaysi turdagi mevali yoki manzarali daraxt niholi ekishni xohlasangiz, xarid qilishingiz mumkin.

Shu bilan birga hali keng ommalashmagan bo‘lsa-da laboratoriya sharoitida, in-vitro (to‘qima madaniyati) usulida ko‘chatlar tayyorlanib, xalqimizga taklif etilmoqda. 

Ana shunday laboratoriyalardan biri Samarqandda, “Sharq-Sanoat” konserni tarkibidagi “Ohalik oltin bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida faoliyat ko‘rsatmoqda.

– In-vitro usulida mevali daraxt ko‘chatlari tayyorlash – bu laboratoriya sharoitida steril muhitda o‘simlik hujayra yoki to‘qimasidan yangi o‘simlik yetishtirish texnologiyasi, – deydi Samarqand in-vitro laboratoriyasi rahbari Sunnat Xo‘jaqulov. – Bu usul ko‘chatlarni an’anaviy ko‘paytirishga nisbatan qator afzalliklarga ega. Avvalo turli xil virus, bakteriya va zamburug‘lardan xoli sog‘lom ko‘chat tayyorlanadi. Ildizi popukli bo‘ladi, ya’ni chuqur o‘smaydi. Bu yer osti suvlari yer yuzasiga yaqin bo‘lgan hududlar uchun juda qulay. Daraxt tez qurib qolmaydi, 20 yildan 50 yilgacha hosil beradi. Hozirgi iqlim o‘zgarishi sharoitida bu juda muhim. 

Ikkinchidan, ko‘chatlarni tez va ommaviy ko‘paytirish imkoniyati mavjud. Qisqa vaqt ichida minglab bir xil ko‘chatlar kichik laboratoriya hududida yetishtiriladi. Qalamcha yoki urug‘i orqali o‘stirish qiyin bo‘lgan ko‘chatlar laboratoriyada hujayrasidan ko‘paytiriladi. Bu esa noyob va qimmat navlarni tez ko‘paytirish, katta-katta bog‘lar yaratish imkonini beradi. 

Uchinchidan, ona o‘simlikning barcha genetik belgilari to‘liq saqlanadi, nav sofligi kafolatlanadi. Yana bir afzalligi yil davomida ko‘chat tayyorlash mumkin va bu jarayon uzluksiz davom etadi.

Mahalliy bog‘larga nisbatan afzalligi tez hosilga kiradi. Bir yil mo‘l hosil berib, ikkinchi yil dam olmaydi. Mevaning hajmi, ko‘rinishi bir xil bo‘ladi. Hatto daraxtlar ham bir xil o‘sadi. Yarim pakana daraxt bo‘lgani uchun hosilni yig‘ishtirib olish oson kechadi. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilsa, samaradorlik juda yuqori bo‘ladi.

[gallery-27966]

Konsern tarkibidagi, yurtimizning yetti viloyatida tashkil etilgan 6 ming gektar intensiv bog‘larda asosan in-vitro usulida tayyorlangan ko‘chatlar ekilgan. Bu ko‘chatlar 2017-yilgacha xorijdan, valyuta hisobiga olib kelingan bo‘lsa, mazkur laboratoriya tashkil etilgach, shu yerning o‘zida o‘stirilgan.

– Bog‘larimizga ko‘chatlarni Yevropa davlatlaridan, har birini 3-5 dollargacha sotib olib kelib, ekkanmiz, – deya so‘zida davom etadi Sunnat Xo‘jaqulov. – Juda katta mablag‘ sarflangan bunga. Keyin gretsiyalik hamkorlarimiz yordamida ushbu laboratoriyani tashkil etdik. O‘zim va bir necha xodimlarimiz Gretsiyaga borib, laboratoriya ishini o‘rgandik, tajriba orttirib keldik. Avvaliga grek mutaxassislar bilan birga ishlagan bo‘lsak, hozir hamma jarayonni 50 nafar xodim bilan birga o‘zimiz bajaryapmiz. Lekin gretsiyalik hamkorlarimiz ham vaqti-vaqti bilan kelib, zarur tavsiya va maslahat berib ketishadi. 

Laboratoriya ishi, hujayradan o‘simlik yaratish oson emas, albatta. Bu juda yuqori aniqlik va ehtiyotkorlik, tozalik talab qiladigan jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Avvalo, dastlabki bosqichda onalik navlar kurtagidan implantlarga hujayra olinadi. Olti oyda bitta hujayradan 120 tagacha o‘simlik olish mumkin. O‘simlik bir necha bo‘laklarga bo‘linib, maxsus ozuqali idishlarda ko‘paytiriladi. Ildiz chiqishi kutiladi, bo‘yi o‘stiriladi. Ildizga ega bo‘lgach mikroo‘simlik hosil bo‘ladi. Bularning hammasi vaqt, kerakli miqdorda yorug‘lik, harorat talab qiladi va bu jarayonlarning barchasi laboratoriyada kechadi. Masalan, o‘simlikning uxlaydigan sikli bor, bu 1200-1800 soatgacha bo‘ladi. Keyin o‘stirish xonasiga o‘tkaziladi. Bu yerda 3000-5000 lyuksgacha yorug‘lik olishi kerak.

Umuman, ko‘chat tayyorlashda ekiladigan yerning fizik, meliorativ holati, sho‘rlangan yoki sho‘rlanmagani, yer osti suvlarining yaqinligiga alohida e’tibor qaratiladi, shunga mos payvandtag tayyorlanadi. Masalan, bizda hozir mahalliy bodom yanvarning oxiri va fevralning boshlarida uyg‘onib, gullayapti. Ammo keyin yuzaga keladigan sovuq harorat daraxtga ta’sir qilib, hosil kamayib ketishi yoki umuman bo‘lmasligi mumkin. Biz ana shunday holatlarning oldini olish uchun xorijdan kechki bodom navini keltirib, o‘zimizga moslashtirib, ko‘paytirdik. Hozirda bog‘larimizda ekilgan bu bodom daraxtlari sovuq havo oqimi chekingan paytda, martning oxiri, aprelning boshlarida gullaydi. Pishib yetilishi mahalliy bodom bilan bir xil, hosildorligi esa 5-10 foiz yuqori ham.

Ildiz chiqarib, belgilangan me’yorgacha o‘sgan o‘simlik laboratoriya yonidagi bir gektarlik issiqxonada tabiiy sharoitga moslashtiriladi. Buning uchun xorijdan keltirilgan ozuqali maxsus kassetalarga ekilib, o‘stiriladi. Bu jarayon 40-60 kun davom etadi va o‘simlik-payvand tag 25-30 santimetr bo‘lganidan keyin maxsus ko‘chatxonaga yetkazib beriladi va payvand qilinadi. 

– To‘rt gektarlik issiqxonamiz asosiy ko‘chatxona hisoblanadi, – deydi bosh agronom Rustam Ibragimov. – Bu yerda laboratoriyadan keltirilgan o‘simlik-payvandtaglar payvand qilinib, ko‘chat holiga kelguniga qadar parvarishlanadi. Ko‘chatxonaning ochiq maydondagidan farqi – yil bo‘yi jarayon davom etadi. Odatda ochiq maydonlardagi ko‘chatxonada payvandlash mavsumi bir yilda ikki marta o‘tkaziladi. Bizda esa yilning qaysi fasli bo‘lishidan qat’iy nazar, laboratoriyadan keltirilgan o‘simlik payvand qilinib, ko‘chat o‘stiriladi va 50-60 santimetrga yetib, ekishga tayyor bo‘lgach, ochiq maydonlarda o‘tqazish uchun chiqariladi. Hozir 1 million 863 ming tup ko‘chat ekishga tayyor turibdi va may oyigacha to‘liq chiqariladi, buyurtmachilarga yetkazib beriladi. Masalan, Samarqand tumanidagi “Agromir” kompaniyasi 58 ming tup shaftoli ko‘chati buyurtma qilgan. 35 navdagi bu ko‘chatlar ekishga tayyor va hatto, shu yerning o‘zida gullab turibdi. Albatta, dastlabki yilda bu gullar to‘kib yuboriladi va ko‘chat yerga moslashib, o‘zini o‘nglab oladi. Kelgusi yildan hosil bera boshlaydi. Bu intensiv ko‘chat, ya’ni tez hosilga kiradi.

In-vitro usulida ko‘chat tayyorlash jarayonlari bilan tanishib, shunga amin bo‘ldikki, har bir ko‘chatning laboratoriyada hujayraligidan boshlab, payvand qilinib, ekishga tayyor bo‘lguniga qadar 4 oydan 6 oygacha vaqt ketadi. Lekin bu jarayon mavsumiy emas, yil bo‘yi davom etadi. Tayyor bo‘lgan ko‘chatni yer muzlamagan bo‘lsa har qanday sharoitda tomir otgan ozuqasi bilan birga ekish mumkin ekan.

Sunnat Xo‘jaqulovning qayd etishicha, hozir ham yurtimizdagi ko‘p tadbirkorlar, bog‘dorchilik klasterlari egalari intensiv ko‘chatlarni Yevropa va boshqa davlatlaridan 5-7 dollargacha sotib olmoqda. Lekin ko‘p hollarda ularning sifatiga kafolat berilmaydi. Samarqanddagi in-vitro laboratoriyasida tayyorlangan ko‘chatlar esa 3-3,5 dollarga tushmoqda va yurtimizning har bir hududi tuproq-iqlim sharoitiga mos ko‘chatlar tayyorlab berilyapti. 

– In-vitro ko‘chatlarni bizdan olayotgan, o‘zining yeriga mos ko‘chat buyurtma qilayotgan fermer va tadbirkorlar bor, ularning talabiga ko‘ra yiliga 4-4,5 million tup mevali daraxt, uzum ko‘chatlari tayyorlab beryapmiz, – deydi S.Xo‘jaqulov. – Ayniqsa, vodiy viloyatlaridagi bog‘bonlarning gilos, olcha, shaftoli ko‘chatlarimizga qiziqishi katta bo‘lyapti. Chunki ular bu ko‘chatlarning har jihatdan samarali, eksportbop hosil berishini o‘z amaliyotlarida ko‘rishdi. Shuning uchun aynan shu fermerlar yana kattaroq maydonlarda intensiv bog‘lar uchun ko‘chat buyurtma qilmoqda. Bugunga kelib laboratoriyamizda 7 million tupdan ortiq payvandtag tayyorlash imkoniyati mavjud. Biz yurtimiz fermerlari, bog‘bonlarining buyurtmalari asosida ular istagan navdagi ko‘chatlarni tayyorlab beramiz.

In-vitro usulida ko‘chat tayyorlashning o‘ziga yarasha murakkab tomonlari ham bor. Bu zamonaviy laboratoriya jihozlari va malakali mutaxassislarga talab bilan bog‘liq. Shuningdek, ishni boshlash uchun kattagina sarmoya kerak. Ammo bu boradagi faoliyat bugun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, in-vitro usulida tayyorlangan ko‘chatlarni sotib olish uchun subsidiya berilayotganini hisobga olsak, hech ikkilanmay sohaga bu yangiliklarni joriy etish, undan samarali foydalanish lozim degan xulosaga kelish mumkin.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5DOkdX5JIFc" title="In-vitro ko‘chati: asosiy mezon sifat va samaradorlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (video, surat), O‘zA muxbirlari