Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imzo yig‘ish jarayonlari davom etmoqda
15:52 / 2024-08-06

Joriy yilning 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi.

Mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy jarayon –parlament saylovlari ilk marotaba aralash tizimda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bu keng jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi.  

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, aralash saylov tizimida saylovchilar parlament deputatlarining bir qismini partiyalarning nomzodlar ro‘yxatiga ovoz berish orqali saylashadi va qolgan mandatlar mojaritar tartibda, alohida nomzodlarga ovoz berish orqali saylanadi.  

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Navoiy viloyat hududiy partiya tashkiloti ham bo‘lajak saylovda ishtirok etish uchun saylovchilar imzolarini to‘plashga kirishdi. Mazkur jarayon 844 ta boshlang‘ich partiya tashkilotida, fuqarolarning ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda uyushqoqlik bilan tashkil etilyapti.  

Navoiy shahrida joylashgan “Zarafshon Golden Group” MCHJda tashkil etilgan imzo yig‘ish jarayonida ham saylovchilar partiyaning o‘tgan yillarda tadbirkorlik sohasini rivojlantirish, yoshlar va ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qonunchilikni takomillashtirish hamda saylovchilar bilan ochiq muloqotlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etish borasidagi ijobiy ishlarini e’tirof etishmoqda.  

– O‘zLiDeP tomonidan ilgari suririlayotgan “Va’da emas, natija. Ertaga emas, bugun” g‘oyasi ostida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish hamda tadbirkorlarni jamiyatning muhim bo‘g‘iniga aylantirish borasida olib borilayotgan islohotlarning izchillik bilan davom etishiga ishonchim komil, – deydi korxona rahbari Sh.G‘aniyev. – Shu sababli Vatanimiz ravnaqiga, el taqdiriga, farzandlarimizning kelajagiga befarq bo‘lmagan bir inson sifatida bo‘lajak saylovlarda, albatta, ishtirok etaman va barcha hamshaharlarimizni ham shunga chorlab qolaman.  

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, imzo yig‘ish bilan bog‘liq barcha tadbirlar qonunchilikda belgilangan me’yorlarga qat’iy rioya etilgan tarzda o‘tkazilyapti. Ushbu jarayon viloyatning barcha hududlarida qizg‘in davom etmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri