English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi
15:15 / 2022-03-11

Buxoro viloyati  sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash –profilaktika muassasalarida Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etishda Prezidentimizning 2021 yil 25 mayda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qarori  muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hozirda Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari bilan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi tuzildi.

Unga ko‘ra, yil davomida viloyatdagi imtiyozli toifaga kiruvchi 300 dan ortiq shaxsga Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. 

Bu esa aholiga  namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ular sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, aholiga kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar samaradorligini ta’minlashda qo‘l keladi.

– Sog‘liqni saqlash tizimidagi samarasiz xarajatlar ulushini bosqichma-bosqich qisqartirish, tibbiyot muassasalarining moliyaviy mustaqilligini oshirish va tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish doimiy e’tiborda,–deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining ijro etuvchi direktori F.Sharipov. – Shuningdek, sohada iste’molchilarni ya’ni bemorlarni huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.

       Buxoro viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish ortidan oshkoralik va shaffoflik tamoyillari asosida zamonaviy talablarga javob beradigan samarali xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirish, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni hisobga olish, raqamlashtirish, ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.

–Sog‘liqni saqlash sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish, zamonaviy boshqaruv va moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish o‘z samarasini berishiga ishonaman, – deydi  Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i A.Bahronov. – Hududlarda “klaster” modelini shakllantirish, tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, farmatsevika tarmog‘i, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tibbiyot fanini rivojlantirish hamda elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish  bu borada ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Qayd etish kerakki, Davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra tajriba — sinov tadbirlari Sirdaryo viloyatida amalga oshirilmoqda. 2023 yildan esa davlat tibbiy sug‘urtasining ijobiy natijalari yurtimizning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy  etiladi.

O‘zA