Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imtiyozli taʼlim krediti boʻyicha qabul qilingan qaror ijrosi qachon taʼminlanadi?
13:33 / 2020-09-03

Albatta, davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinish hammaga ham nasib etavermaydi.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-iyundagi “2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, oliy taʼlim muassasalari bakalavrlar tayyorlashning kunduzgi taʼlim shakliga 103575 talaba, shundan, 80080 talaba toʻlov-kontrakt hamda magistrlar tayyorlashga 10425 talaba, shundan 4950 talaba toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinishi belgilangan.

Maʼlumki, kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, yoshlarning taʼlim olishi uchun yana-da keng imkoniyatlar yaratish, oliy maʼlumot olayotgan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida 2001-yil 26-iyulda Vazirlar Mahkamasining “Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari berish toʻgʻrisida”gi 318-sonli Qarori qabul qilingan edi. 

Unga muvofiq “Taʼlim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimlariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan talabalarning oʻqishi uchun talabalarning oʻzlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga, berilishi mumkin”ligi belgilangan va tijorat banklari tomonidan beriladigan taʼlim kreditlari boʻyicha:

chin yetimlarga, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga — nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);

talabalarning qolgan toifalariga — 2020-yil 1-yanvardan boshlab foiz xarajatlarining bir qismini “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmidan foydalanish imkoniyati bilan bozor stavkalari belgilangan.

Shuningdek, kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan talabalar uchun kredit boʻyicha qoʻshilgan foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlaridan toʻlanishi belgilangan.

Biroq, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi mablagʻlaridan imtiyozli kreditlar ajratish va lizing xizmatlarini koʻrsatish hamda tijorat banklari kreditlari boʻyicha kafilliklar berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda talabalarga beriladigan taʼlim kreditlari boʻyicha 2020-yil 1-yanvardan boshlab foiz xarajatlarining bir qismini “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmini nazarda tutuvchi tegishli oʻzgartirishlar kiritilmagan.

Holbuki, Davlatimiz rahbari Mustaqilligimizning 29 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida farzandlarimizning isteʼdod va qobiliyati, ezgu intilishlarini toʻliq roʻyobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib oʻrin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish bundan buyon ham bosh maqsadimiz deb taʼkidlagan edilar.

Bugungi pandemiya sharoitida aholi daromadlari keskin kamayib ketgani inobatga olinsa, toʻlov-kontrakt asosida oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kiradigan 85030 (jami kvotaning 74,6%) nafar talabaning tijorat banklari kreditlariga talab yuqori ekanligini koʻrish mumkin.

Albatta, davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinish hammaga ham nasib etavermaydi. Ammo yoshlarni “Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinsam, kontrakt toʻlovini qanday toʻlayman” degan muammo hozirdan oʻylantirmoqda.

Shu bois, tijorat banklari bozor foiz stavkalarida ajratayotgan taʼlim kreditlarining bir qismini “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish boʻyicha zudlik bilan tegishli choralar koʻrishi lozim. Aks holda yuqori foizli taʼlim krediti toʻlov qobiliyatiga ega boʻlmagan ayrim iqtidorli yoshlarning oliy taʼlim olish fikridan qaytarishi mumkin.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlisdagi fraksiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining olti oylik yakunlari boʻyicha boʻlib oʻtgan yigʻilishda bu masala hukumatning eʼtiboriga havola qilingan edi. Chunki, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonida imtiyozli talaba kreditlarining ajratilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahongir ABDURASULOV,
Ruslan JUMAMURATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari