Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Imtiyozli kredit” niqobi ortidagi jinoyat
16:40 / 2026-02-09

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida fuqarolarning ishonchini suiiste’mol qilib, ularga imtiyozli kredit olib berishni va’da qilgan shaxs fosh etildi.

Tezkor tadbirlar davomida aniqlanishicha, muqaddam sudlangan fuqaro S.S. o‘zini go‘yoki davlat idoralarida yuqori lavozimlarda ishlovchi nufuzli shaxslar bilan yaqin aloqada bo‘lgan inson sifatida ko‘rsatib, fuqarolarning ishonchini qozongan. U mazkur soxta aloqalar orqali 3 nafar fuqaroga jami 230 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratib berishni va’da qilgan.

Jinoiy niyatni amalga oshirish maqsadida S.S. fuqaro M.O.dan “xizmat haqi” sifatida 400 AQSH dollari hamda 6 million so‘m pul mablag‘ini talab qilgan va ushbu mablag‘larni olgan paytida Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Olib borilgan dastlabki tergovga qadar tekshiruv ishlari natijasida mazkur shaxsning harakatlarida firibgarlik, mansab vakolatlarini soxta da’volar orqali suiiste’mol qilish, shuningdek, pora munosabatlarini keltirib chiqarishga qaratilgan jinoiy alomatlar mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlikka suiqasd) hamda 28, 211-moddasi (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda ish bo‘yicha barcha holatlarni to‘liq, har tomonlama va xolisona o‘rganishga qaratilgan tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.