Murojaat izidan
“Yangi O‘zbekiston” massivlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ikkita farmoni bilan taqdim etilgan imtiyozlar uy-joylarning tannarxi imkon qadar arzon bo‘lishi uchun edi...
Natija ham shunday bo‘ldimi?
O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga fuqaro Mavluda Jo‘rayeva nomidan kelib tushgan murojaatda Prezident farmoni bilan ko‘pgina imtiyozlar asosida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi uylarning narxi qimmatligi bayon etilgan.
“Prezident tomonidan aholi foydalanishi uchun berilgan imtiyozlarga “tadbirkor” maqomi bilan egalik qilib olish insofdanmi?” – deydi ushbu loyihaga mas’ul bo‘lgan tashkilotlarga murojaat qilib, aniq bir javob ololmagan M.Jo‘rayeva.
Mazkur murojaatdagi mavzu – muammoni o‘rganish uchun, avvalo, “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurish uchun chiqarilgan Prezident farmonlarini yana bir bor nazardan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
2021 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-32 sonli farmoni bilan “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish belgilangan edi.
Farmonda Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning 29 ta hududida “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi belgilab berilgan edi. Keyinchalik Vazirlar Mahkamasi Rayosatining 22.10.2022 yildagi N 149-sonli yig‘ilishi qarori bilan Yangihayot tumani Yangi Darxon MFY hududida ham shunday massivlardan birini qurish rejalashtirilib, bunday massivlar soni 30 taga yetkazilgan.
Mazkur hududlardagi ko‘p qavatli uy-joylar tannarxi imkon qadar arzon bo‘lishi uchun PF-32 Farmonning o‘zida bir qancha imtiyozlar berilgan:
uy-joylarning qurilish uchun yer uchastkalari tadbirkorlik sub’ektlariga elektron onlayn-auksion orqali ijara huquqi asosida realizatsiya qilinadi.
massivlarni qurish loyihalarini ishlab chiqish, tashqi avtomobil yo‘llari, ichimlik va oqova suv ta’minoti tarmoqlarini qurish — Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan;
tashqi elektr va gaz ta’minoti tarmoqlarini qurish — «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Hududgazta’minot» AJlarning o‘z mablag‘lari hamda asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra Davlat byudjetidan ajratiladigan qisqa muddatli foizli ssudalar hisobidan;
hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini bajarish — mahalliy byudjet hisobidan;
ijtimoiy soha ob’ektlari (maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, tibbiyot punktlari, isitish qozonxonalari va boshqalar)ni qurish — Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi, deyiladi farmonda.
Bu ro‘yxat shu bilan tugamaydi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarini quruvchilar uchun Prezidentimizning PF-33-Farmoni bilan ham bir qancha imtiyozlar taqdim etilgan:
Ya’ni “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun ishlatiladigan sement mahsuloti va energiya tejamkor bazalt qoplamalarini olib kelishda 2023 yil 1 yanvargacha bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash;
2024 yil 1 yanvarga qadar 27 turdagi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari importida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imining nol stavkasini qo‘llash kabilar shular jumlasidan.
Qisqasi, davlat tomonidan shuncha imtiyoz berildi. Ammo qurilayotgan uylar tannarxi ham shunga mutanosibmi?
Mana poytaxtning Sergeli tumani Qumariq mahallasida qurilayotgan 17 gektar maydondagi “Yangi O‘zbekiston” massivi.
Hujjatda “Yangi O‘zbekiston” massivi bo‘lgan hududda “Tower up” nomi bilan qurilish ishlari boshlagan bo‘lib, mazkur massivni qurib foydalanishga topshirish “PEARL BUILD” ma’suliyati cheklangan jamiyatiga taqdim qilingan. Massiv bunyod etilishi jami 3 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan, ayni damda 1-bosqichda ishlar ketmoqda. Ushbu loyiha bo‘yicha 42 ta 16 qavatli uy qurilishi kerak. Loyiha rejasiga maktab, bog‘cha va poliklinika ham kiritilgan, bu ijtimoiy binolarning barchasi davlat tomonidan qurilishi belgilangan.
Endi ushbu hududda “Tower up” nomi ostida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarini “PEARL BUILD” MCHJ taqdim etayotgan narxlarga diqqatingizni qaratamiz:
1-bosqichda 2023 yil oxirigacha bitkazilishi rejalashtirilgan jami 8 ta ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarning 1 metr kvadrati qavatlariga qarab 11 500 000 so‘mdan 12 500 000 so‘mgacha belgilangan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Tower up” sotuv ofisidagi menejerlarning aytishicha, ushbu massivdagi uylar ipoteka kreditlariga sotilmaydi.
Eng qizig‘i, bunday imtiyozlarga ega bo‘lmagan boshqa xususiy qurilish tashkilotlari uylariga taklif qilinayotgan narxlar ham xuddi shunday. Eng yuqorisi 12 million so‘mgacha boradi.
“Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish uchun Prezidentimizning yuqorida keltirilgan ikkita farmonidagi imtiyozlar uy-joy quruvchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun emas, aksincha, “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ko‘p qavatli uy-joylar tannarxini imkon qadar arzon bo‘lishi uchun, aholini rozi qilish uchun edi.
Ammo “Yangi O‘zbekiston” massivlaridan arzonroq uy-joy xarid qilish ilinjida Sergeliga borganlar hafsalasi pir bo‘lib ortlariga qaytishmoqda.
Shu joyda boshqa viloyatlarda qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarining narxlari bilan ham qiziqib ko‘rdik.
Misol uchun Farg‘ona viloyatining 3 ta hududida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarining eng ko‘zga ko‘ringan joyi – “Eko shahar”dagi uylar narxi 100 foiz tayyorlari 5 million so‘mdan – 6 million so‘mgacha ekan.
Toshkentda “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilayotgan xonadonlarning o‘rtacha narxi 12 million, Farg‘onada esa o‘rtacha 6 million. Tafovut – 2 barobar.
To‘g‘ri, poytaxtda viloyatlarga nisabtan yer qimmat. Ammo, Farg‘onada sotib olingan yerga eng balandi 9 qavatgacha quriladi. Toshkentda ayni shuncha maydonda 16 qavatli uylar qurilmoqda. O‘rtadagi farq – 7 qavat tag-joy uchun sarflangan mablag‘ni qoplamaydimi?
Fuqaro Mavluda Jo‘rayeva Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ayni shu nomutanosib narxlar bo‘yicha murojaat yo‘llagan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari D.Adilov javobida “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi uylarning narxi yuqori bo‘lishiga Prezidentning joriy yil 16 fevraldagi PQ-57-son qarori sabab qilib ko‘rsatilgan:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi "2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-57-son qaroriga asosan 2023 yilda foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash ko‘rsatilgan.
Budan tashqari, aholiga qulay sharoitlar yaratish va bugungi zamon talablaridan kelib chiqib, quruvchi tashkilotlar tomonidan energiya samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan qurilish materiallari va jihozlar, xususan, ko‘p qavatli uylarning fasad qismi uchun bazalt qoplamalaridan foydalanilmoqda. Tabiiyki, ushbu ishlarni amalga oshirish qo‘shimcha xarajatlar talab etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, qurilayotgan ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar narxini belgilash Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vakolatiga kirmasligini hamda narxlar quruvchi tashkilotlar tomonidan bozor iqtisodiyotidan kelib chiqib belgilanishini ma’lum qilamiz.”
Guvohi bo‘lganingizdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining narxlar borasidagi javobida ko‘p qavatli uylarning fasad qismi uchun bazalt qoplamalaridan foydalanilgani va energiya tejovchi texnologiyalari qo‘llanilgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Shu o‘rinda Farg‘onadagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarga ishlatilayotgan texnologiyalarni ham solishtirdik. Farg‘ona viloyat Qurilish nazorat inspeksiyasi mutaxassisi Umid Uzoqovning ma’lum qilishicha, ularda ham quyosh suv isitish kollektorlari, quyosh elektr panellari o‘rnatilayotgan ekan.
“Binolar fasad qismi bazalt qoplama bilan qoplangan bo‘lib, o‘rnatilayotgan eshik-romlar sendvich paneldan tayyorlangan”, – deydi U.Uzoqov
Shuningdek, vazir o‘rinbosari D.Adilov narxni belgilash Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vakolatiga kirmasligini ma’lum qilgan. Vaholanki, 2021 yil 21 dekabrda imzolangan PF-32-son farmonida shaxsan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari D.Adilovga uy-joylarning narxini pasaytirish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklangan:
“Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari D.K.Adilovga «Yangi O‘zbekiston» massivlarida qurilish-montaj ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, ularda mahalliy zamonaviy qurilish materiallari va uskunalarini keng qo‘llash orqali uy-joylarning narxini pasaytirish hamda quruvchi tashkilotlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin”, deyiladi farmonning 14-bandida.
Farmonning 13-bandida esa Bosh prokuraturaga «Yangi O‘zbekiston» massivlari qurilishida narxlarning asossiz oshirilishi, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi hamda tasdiqlangan loyihalarning o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish belgilangan.
Murojaatchi M.Jo‘rayevaning narxlar bo‘yicha yo‘llagan e’tiroziga Toshkent shahar Yangihayot tuman prokuraturasi tomonidan berilgan javobda prokuratura tadbirkor faoliyatiga aralasha olmasligi ma’lum qilingan.
Shuningdek farmonning 2-bandida elektron onlayn-auksionda g‘olib deb topilgan tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi uchun «SSS» va undan yuqori reytingga ega bo‘lgan qurilish tashkilotlarini jalb qilishga ruxsat etiladi, deyilgan.
"E-AUKSION"da “Yangi O‘zbekiston”massivini qurish uchun Sergeli tumanidagi Qumariq mahallasida 4 gektar yerni yutib olgan “PEARL BUILD” MCHJ farmon chiqqandan ikki oy o‘tib tashkil etilgan.
Yana xayratlanarli jihati shundaki, "E-AUKSION"da 2022 yil 4 mart kuni o‘ynalgan 1022932-Lotni yutib olgan “PEARL BUILD” MCHJ auksion boshlanishidan 6 kun oldin – 2022 yil 28 fevral kuni tashkil topgan. Shu yerda savol tug‘iladi: Prezident farmonida belgilab qo‘yilgan «SSS» reyting talabini olish uchun 6 kun yetadimi?
Ushbu savolga Vazirlar Mahkamasining 09.11.2020 yildagi “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 699-son qaroridan javob topish mumkin.
Shu o‘rinda, Prezident farmoni bilan bir qancha imtiyozlar berilgan kattagina loyiha xususiy qurilish tashkilotlariga qo‘shqo‘llab topshirilayotganda qandaydir shartlar qo‘yilmaganmi?..Shartnomalar qanday tuzilgan, degan haqli savollar tug‘iladi. Ushbu savollarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga yo‘lladik. Ammo savollarimiz hozircha javobsiz qolmoqda.
Sherali Otaboyev,
O‘zA