Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imtiyozlar iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilmoqda
18:35 / 2015-09-25

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli soliq imtiyozlari berilayotgani ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda shu yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Termizda ushbu masalaga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimizning joriy yil 15-maydagi farmoni mazmun-mohiyati va ahamiyatini tadbirkorlarga keng tushuntirish va ijrosini ta’minlash bo‘yicha fikr almashildi.

– Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi, – deydi Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahimov. – Unga ko‘ra, barcha nazorat organlari uchun rejali tekshirishlar davriyligi birxillashtirildi. Belgilangan yangi me’yor rejasiz tekshirishlar o‘tkazilishining oldini oladi. Farmonga muvofiq, 2015-yil 1-iyuldan boshlab mikrofirma, kichik korxona va fermer xo‘jaliklari faoliyatidagi barcha rejali tekshirishlar ko‘pi bilan to‘rt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlarida esa ko‘pi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladigan bo‘ldi. Tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, ya’ni buxgalteriya va boshqa hujjatlarni o‘rganishni talab etmaydigan tekshirishlar muddati 10 kalendar kunidan oshmasligi, moliya-xo‘jalik faoliyati nazoratida faqat oxirgi rejali tekshiruvdan keyingi davr qamrab olinishi ham aniq belgilab qo‘yilgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.

Bu me’yorlar 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yuqorida nomi tilga olingan qonunida o‘z ifodasini topdi. Unga muvofiq Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona turar joydan unda istiqomat qilish bilan birga, tovar ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish maqsadida foydalanganda, mol-mulk solig‘ini jismoniy shaxslar uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘laydi. Ularni vaqtida to‘lab, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarida rejali tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

Tadbirda mazkur farmon va qonunning mazmun-mohiyati, mahalliy soliqlarning milliy iqtisodiyotimizni yuksaltirishdagi ahamiyati yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi. 

Ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.