English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imtiyozlar farovonlikka xizmat qilmoqda
18:26 / 2017-01-27

Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay sharoit yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq imtiyozlari berish va soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish tendensiyasi 2017-yilda ham saqlab qolindi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay sharoit yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliq imtiyozlari berish va soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish tendensiyasi 2017-yilda ham saqlab qolindi.

Xorazmda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi soliq va byudjet siyosatining 2017-yilgi asosiy yo‘nalishlari qabul qilingani munosabati bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatini tadbirkorlik subyektlari hamda keng jamoatchilikka yetkazishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminarda bu alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyat soliq va bojxona boshqarmalari rahbarlari, prokuratura, tijorat banklari mas’ul xodimlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, yirik sanoat korxonalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va byudjet siyosatining 2017-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni, Prezidentimizning 2016-yil 27-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar, soliq qonunchiligidagi yangilik va o‘zgarishlar haqida so‘z yuritildi.

Asosiy soliq turlari bo‘yicha stavkalar 2017-yilda ham 2016-yil darajasida saqlab qolindi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyat turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq stavkalari 2016-yil darajasida saqlab qolinishi bilan birga, 2017-yil 1-yanvardan boshlab hunarmandlarga (qonunchilikda belgilangan ro‘yxat bo‘yicha) eng kam ish haqining 0,5 barobari miqdorida qat’iy belgilangan soliqni to‘lash joriy etildi. Davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalar bo‘yicha to‘lovlar stavkasi o‘tgan yil darajasida qoldirildi.

– Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi, – deydi Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i J.Temirov. – Yuridik shaxslar murojaatiga asosan korxona tugatilayotganida o‘tkaziladigan tekshirishlar bundan mustasno. Jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilgani holatlari bo‘yicha berilgan murojaatlari asosida faqat Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga binoan qisqa muddatli tekshirishlar o‘tkazilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslar huquqbuzarlik aniqlangan kundan e’tiboran bir oy muddatda yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan, tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.

Bunday imkoniyatlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, pirovardida xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.