Bojxona organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini joyida o‘rganish va amaliy yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan sayyor uchrashuvlar Buxoro viloyatida izchil davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘. Nosirov boshchiligida o‘tkazilayotgan o‘rganishlar doirasida eksport faoliyatini jadallashtirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shunday uchrashuvlardan biri to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Leichter Kamalak Textilien” MCHJ mas’ullari bilan tashkil etildi. Korxona tomonidan zamonaviy investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, unda nemis texnologiyalari asosida avtomobilsozlik, harbiy sanoat, aviatsiya, tibbiyot va boshqa tarmoqlar uchun poliyester hamda poliamid xomashyosidan yuqori sifatli texnik tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, aralash tolali uy tekstili mahsulotlarini ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha doirasida Germaniyaning nufuzli “Curt Bauer GmbH” kompaniyasi bilan qiymati 17 million yevroga teng shartnoma imzolangan. Unga muvofiq, jahonda mashhur “Curt Bauer” brendini relokatsiya qilish hamda eng ilg‘or texnologik uskunalarni O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv davomida bojxona organlari mas’ullari korxona rahbari D. Bobojonovga texnologik uskunalarni import qilishda amaldagi qonunchilikka muvofiq taqdim etiladigan bojxona imtiyozlari haqida batafsil tushuntirishlar berdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan investitsiya loyihalari doirasida olib kirilayotgan texnologik uskunalar uchun belgilangan yengillik va preferensiyalar mazmuni izohlandi.
Ma’lum qilinishicha, korxonaning 2025-yildagi eksport hajmi 1,6 million AQSH dollarini tashkil etgan. 2024–2025-yillar davomida esa 0,54 million AQSH dollari miqdorida texnologik uskunalar import qilingan. Amaldagi tartiblarga muvofiq, korxonaga 813 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar taqdim etilgan.

Ta’kidlash joizki, bunday sayyor o‘rganishlar nafaqat muammolarni aniqlash, balki ularni joyida bartaraf etish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Bojxona qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosarining Buxoro viloyatidagi o‘rganishlari Olot chegara bojxona postida davom etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri