Bugungi kunda yoshlar masalasi har qanday davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Demografik jihatdan aholining katta qismini yoshlar tashkil etar ekan, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi, ish bilan ta’minlanishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotini belgilab beradi.
Qolaversa, zamonaviy sharoitda yoshlar siyosati faqat imtiyozlar berish bilan cheklanmasdan, imkoniyat yaratishga qaratilgan tizimli yondashuvni talab qiladi. Ta’lim va ish bozori o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va fuqarolik faolligini oshirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
O‘zbekistonda yoshlarga qaratilgan e’tibor so‘nggi yillarda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu e’tibor shunchaki shior yoki ma’ruzalar bilan cheklanib qolmayapti uning aniq natijalari bor. Bugun mamlakatimizda 22 milliondan ziyod yoshlar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch sifatida qaralmoqda.

Yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. 500 nafardan ziyod yigit-qiz dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olmoqda, 3,5 ming nafar yoshlar TOP-100 universitetlarda o‘qimoqda. 63 ta startap xalqaro bozorga chiqdi. Yosh tadbirkorlar mamlakat biznesining 35 foizini tashkil etmoqda.
Ana shunday natijalar zamirida tizimli islohotlar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va eng muhimi ishonch bor. Kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan navbatdagi muloqoti ana shu ishonchning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Jumladan, muloqot davomida davlat rahbari har bir vazir, hokim, rektor, maktab va texnikum direktori yoshlar bilan ishlashni shaxsiy mas’uliyat deb bilishi lozimligini alohida ta’kidladi. Endi har haftaning payshanba kuni vazirlik va hokimliklarda “Yoshlar kuni” o‘tkaziladi. Bu qog‘ozdagi topshiriq emas, balki rahbarning mahallaga tushib, yoshni eshitishi, muammosini joyida hal qilishi deganidir.
Bu tashabbusning hayotiy ahamiyatini tasavvur qilish qiyin emas. Masalan, chekka qishloqda yashaydigan, startap g‘oyasi bor, lekin uni amalga oshirishga qiynalayotgan yosh endi o‘z hududidagi “Yoshlar kuni”da muammosini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hudud rahbariga ayta oladi.
Raqamlarga e’tibor qaratilsa har yili yurtimizda 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelmoqda. 2030-yilga borib bu raqam 1 millionga yetadi. Demak, ish o‘rinlari yaratish strategik masala sanaladi. Shu bois, o‘tgan yili yoshlar bandligi uchun 400 million dollar ajratilgan bo‘lsa, endi qo‘shimcha 200 million dollar yo‘naltiriladi. “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam” dasturlari orqali 15 ming yosh o‘z biznesini boshlab, 50 ming kishini ish bilan ta’minlaydi.
Jumladan, endi o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga 20 million so‘mgacha garovsiz, biznes boshlayotganlarga esa 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytiruvchi tadbirkor yoshlarga 2 milliard so‘mgacha hamda kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olganlarga esa 10 milliard so‘mgacha imtiyozli shartlarda kereditlar ajratiladi. Bu summalar shunchaki raqam va ajratilgan mablag‘lar emas, ular ortida minglab yoshlar taqdiri turibdi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, bugun tadbirkorlikni boshlagan yoshlarning 30 foizi bilim va ko‘nikma yetishmasligi sabab qiyinchilikka duch kelmoqda. Shu bois har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etiladi. Bu yerda g‘oyani biznes-rejaga aylantirish, buxgalteriya, marketing, eksport masalalari bo‘yicha kompleks yordam ko‘rsatiladi.
Bugun mamlakatimizda 100 mingdan ziyod yoshlar volontyorlik bilan ham faol shug‘ullanib kelmoqda. Endilikda, “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi tashkil etilib har yili 20 milliard so‘m ajratiladi. Eng yaxshi loyihalarga 100 million so‘mgacha grantlar beriladi. Bu yoshlarning ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirish, jamiyatda daxldorlik hissini oshirishda muhim qo‘llab-quvvatlash sanaladi.
Shuningdek, yosh oilalar uchun ipoteka stavkasining 14 foizdan yuqori qismi byudjetdan qoplab beriladi. Kitobxonlikni rag‘batlantirish uchun ijodkorlarga oyiga 20 million so‘mlik ijodiy buyurtma beriladi, maktablarda eng faol kitobxonlarga 10 million so‘mdan mukofot beriladi.
Umuman olganda, kechagi muloqot shunchaki yig‘ilish emas, balki yoshlar siyosati yurtimizda yangi bosqichga o‘tayotganining belgisi bo‘ldi. Endi mas’uliyat ham ikki tomonlama bo‘ladi, davlat imkoniyat yaratadi, yoshlar esa harakat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA