Imtiyoz va imkoniyatlar namoyishi
Termizda o‘tkazilgan IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining hududiy bosqichida 160 ishlab chiqarish korxonasi uch yuzdan ortiq turdagi mahsulotini namoyish etdi.
Termizda o‘tkazilgan IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining hududiy bosqichida 160 ishlab chiqarish korxonasi uch yuzdan ortiq turdagi mahsulotini namoyish etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 13-martdagi “2015-yilda Xalqaro sanoat yarmarka va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor mahalliy xomashyodan xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida ishtirok etuvchilar safi yildan-yilga kengayib, mahsulotlar turi ko‘payib bormoqda. 2012-yilda Surxondaryo viloyatida yuzdan ortiq yirik va kichik korxonalar qurilish, oziq-ovqat, yengil sanoat va nooziq-ovqat mahsulotlari bilan qatnashgan bo‘lsa, joriy yilda 160 korxona uch yuzdan ortiq turdagi mahsuloti bilan ishtirok etdi. Ularning o‘ttizga yaqini yangi turdagi mahsulotlardir.
Ko‘rgazmada “Surxon Termiz chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyatining chinni buyumlari, “Kamazul Saydil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan charm poyabzallar, Uzun tumanidagi “Mehroj tekstil” ulgurji savdo ishlab chiqarish korxonasining erkaklar, bolalar va ayollar kiyim-kechaklari, shuningdek, ko‘plab yangi turdagi qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa xalq iste’moli mollari ishtirokchilar e’tiborini tortdi.
– Mazkur yarmarka nafaqat tovar ishlab chiqaruvchilar, balki xaridorlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ra Bobolov. – Chunki, bu tadbir mahalliy xomashyo asosida raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash, butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, xususiy tadbirkorlik subyektlarining buyurtmalar portfelini shakllantirish, ularning o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha tender savdolarisiz o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzishiga keng imkoniyat yaratadi.
Yarmarka doirasida 10 milliard 529 million so‘mlikdan ziyod shartnomalar imzolandi.
– Zamonaviy dastgohlar import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishda juda qo‘l kelmoqda, – deydi Uzun tumanidagi “Mehroj tekstil” ulgurji savdo ishlab chiqarish korxonasi rahbari Qurbon Shukurov. – Yarmarkada yigirmadan ortiq turdagi mahsulotimiz bilan ishtirok etdik. Bu tadbir biz, ishlab chiqaruvchilarga buyurtmachilarimiz safini kengaytirish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashimizga, ishlab chiqarish hajmini oshirib, mahsulot sifatini yanada yaxshilashga yordam beradi.
Tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda ko‘plab yosh mutaxassislarga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.