Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imtihonlar shaffof, adolatli o‘tmoqda
14:10 / 2023-07-17

Jizzax shahar olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablariga 2023-2024-o‘quv yili uchun kirish imtihonlarining dastlabki bosqichi boshlandi.

Iqtidorli bolalarni aniqlash, ta’lim jarayoniga ilg‘or innovatsion texnologiyalar, uslublar va xorij tajribasini keng joriy etish, ularni o‘qitish va tarbiyalashda yaxlit tizim yaratish, iste’dodli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida Prezidentimizning 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga asosan viloyatning deyarli barcha hududlarida Prezident maktabi tashkil etildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizdagi mavjud Prezident maktablariga jami 56 ming 745 nafar o‘quvchining hujjatlari qabul qilingan. Bu esa, Prezident maktablariga qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha bitta o‘ringa o‘rtacha 169 hujjat to‘g‘ri kelishini bildiradi. Shu o‘rinda, Jizzax viloyatida 3 ming 360 nafar talabgorlar ushbu o‘quv muassasasiga hujjat topshirgan bo‘lib, bir o‘ringa 141 nafar talabgor to‘g‘ri kelmoqda.  

[gallery-12798]

Jizzaxda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablarining birinchi bosqich imtihonlari joriy yilning 15 iyul kuni boshlanib, uch smenada bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu muassasalarda o‘qish istagida bo‘lgan talabgorlar 1 soat vaqt davomida matematika fanidan 30 test topshiriqlarini bajarishi lozim. Matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi. Bunday ta’lim tizimi orqali bolada kreativlik, qunt, qiziquvchanlik kabi qobiliyatlar yanada rivojlanadi. Yuksak natija bergan ijobiy tajriba, xalqaro metodika respublikamizning barcha tumanlariga tatbiq etilishi nazarda tutilgan.  

Joriy yilda mamlakatimizdagi 14 Prezident maktabining 11-sinflarini tamomlayotgan 326 nafar o‘quvchilarning barchasi (100foiz) xalqaro til bilish (IYeLTS) sertifikatini qo‘lga kiritgani alohida tahsinga loyiq. Hozirda Prezident maktablarida imtihonlarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha viloyat hokimligi, ichki ishlar, milliy gvardiya, tez tibbiy yordam, xavfsiz shahar markazi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.  

Jizzax shahrida ham Prezident maktablariga o‘quv yili uchun kirish imtihonlari shaffof, adolatli va haqqoniy o‘tmoqda.  

 

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA