Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2024-2025 o‘quv yili uchun qabul jarayonlarida bakalavriatning alohida iqtidor talab qilinadigan ta’lim yo‘nalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Jismoniy madaniyat, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan imtihonlarning belgilangan talablar asosida adolatli hamda shaffof o‘tishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shu bilan birga, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan biriktirilgan vakillar tomonidan nazorat qilinmoqda.
Imtihon jarayonlari Internet tarmog‘i orqali ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilmoqda.
Abituriyentlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun O‘zbekistonning turli ta’lim muassasalaridan, jumladan, O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti, Jizzax davlat pedagogika universiteti, shuningdek, Buxoro va Termiz davlat pedagogika institutlaridan tajribali professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar biriktirilgan. Ular tomonidan har bir abituriyentning tayyorgarligi odilona baholanib, to‘plagan ballar o‘sha paytning o‘zida ma’lum qilinmoqda.
[gallery-18199]
– Bugun qizim institutning musiqa ta’limi yo‘nalishida ijodiy imtihon topshirmoqda. Uning shu sohaga bo‘lgan qiziqishini ko‘rib, qo‘llab-quvvatlashga harakat qildik. Qizim musiqa sirlarini o‘rganib, oliy ma’lumotli, yetuk kadr bo‘lishni maqsad qilgan. Mana, bugun institutga kelib, bu yerdagi sharoitlardan ko‘nglim to‘ldi. Imtihon jarayonlari qanday o‘tayotganligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bormoqdamiz, – deydi Qo‘ng‘irot tumanidan kelgan abituriyentning onasi Injigul Qurbaniyazova.
– Ustoz-murabbiylarimiz bilan yaxshi tayyorgarlik ko‘rdim, – deydi nukuslik abituriyent Jenay Amenov. – Imtihon adolatli o‘tmoqda deb hisoblayman. Chunki, barcha abituriyentlarga o‘z natijalari o‘sha paytning o‘zida, hech qanday to‘siqlarsiz ma’lum qilinmoqda
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.