AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ma’lum qilishicha, Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun UBT-EPS-Topik test imtihoni o‘tkazilgan.
"EPS-Topik" test imtihoniga qatnashgan 13 294 nafar fuqaroning 2224 tasi muvaffaqiyatli o‘tgan. Nomzodlarning 11 070 nafarida 67,5 baldan past natija qayd etilgani sababli imtihondan o‘tolmagan.
EPS-Topik test imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar uchun 2022 yil 16, 17 va 18 avgust kunlari Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi «Ishga marhamat» monomarkazi binosida malaka imtihoni bo‘lib o‘tadi.
Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan taqdim qilingan natijalari tahliliga ko‘ra, o‘tish bali 67,5 balni tashkil etib, test imtihonidan jami 2224 nafar fuqaro muvaffaqiyatli o‘tgan.
Mazkur 2 ming 224 nafar fuqarodan 636 nafari 90-100, ya’ni eng yuqori ball, 1243 nafari yoki 56 foizi 87,5-72 ball, 345 nafari yoki 15,5 foizi 67,5-70 ball ko‘rsatkich bilan imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan.
Nomzodlarning 11 070 nafari 67,5 baldan past natija qayd etilgani sababli imtihondan o‘tolmagan.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Koreya Respublikasida ishlash istagida bo‘lgan nomzodlarning aksariyat qismi, ya’ni 83,3 foizi koreys tili bo‘yicha yetarli bilimga ega bo‘lmagani sababli test imtihonidan o‘tmagan.
EPS-Topik test imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar uchun 2022 yil 16, 17 va 18 avgust kunlari Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi «Ishga marhamat» monomarkazi binosida malaka imtihoni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tish joiz, xorijga chiqish pasportini olib kelmagan fuqarolar imtihonga kiritilmaydi. Belgilangan vaqtdan 1 soat oldin ko‘rsatilgan manzilga yetib kelish va ro‘yxatdan o‘tish lozim.
Belgilangan sana va vaqtdan kech qolgan fuqarolar imtihonga kiritilmaydi. Inson resurslarini rivojlantirish xizmati shartlariga ko‘ra, takror yoki qayta apellyatsiya malaka imtihoni o‘tkazilmaydi.
Imtihonda elektron vositalar, jumladan, mobil telefon, elektron soat, shpargalka va shu kabilardan foydalanish qat’iyan man etiladi.
Inson resurslarini rivojlantirish xizmati talablariga muvofiq, imtihon qoidalarini buzgan nomzodning test natijalari bekor qilinadi va keyingi testlarda qatnashishi uchun 3 yil muddatga cheklov qo‘yiladi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA