Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imtihon adolatli va shaffof o‘tdi
14:51 / 2025-11-17

Keyingi yillarda o‘qituvchi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish, pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy qilgan holda zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, yuqori malakali professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, pedagogika sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Buxoro davlat pedagogika institutida ta’lim sifatini oshirish, institut faoliyatiga ilg‘or ta’lim dasturlarini joriy qilish hamda zamonaviy bilim va pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa hisoblanadi. 

Hozirda, pedagog kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-pedagog kadrlarni son va sifat jihatidan qayta ko‘rib chiqish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Shu munosabat bilan, institutda oliy ta’limdan keyingi ta’lim – doktorantura va tayanch doktoranturaga qabul masalasi ustuvorlik kasb etib, tizimga o‘z ustida ishlaydigan, bilimli, salohiyatli va istiqbolda ilmiy innovatsiyalarni joriy etishni maqsad qilib qo‘ygan talabgorlarni saralash jarayoniga alohida ahamiyat berilmoqda. 

– Joriy yilda Buxoro davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi qaroriga muvofiq, doktorantura va tayanch doktoranturaga qabul e’lon qilindi, –deydi institut rektori, professor Bahodir Ma’murov. – Institutga 8 ta ixtisoslik bo‘yicha 98 ta hujjat kelib tushgan. Ajratilgan 26 ta o‘ringa talabgorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratilgan. Jarayon translyatsiya qilib borilganligi bois, uni to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatish imkoniyati ham mavjud. Ushbu jarayonni tashkil etishda oldindan dasturning institut rasmiy saytida e’lon qilinishi, komissiya raisi va a’zolarining adolatli va shaffof baholashlari, talabgorlarning jiddiy tayyorgarligi jarayonni yuqori saviyada tashkil etilganligidan dalolat beradi. Albatta, ushbu jarayon pedagogika sohasida ilm-fan va ta’limni rivojlantirishga oid dolzarb muammolarni aniqlash, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ularning yechimi bo‘yicha tavsiyalarni  tayyorlashga xizmat qiladi. 

[gallery-26286]

– Buxoro pedagogika instituti ochilganda kafedrada ishlashni boshladim. Uyda bola parvarishi bilan tayyorlandim. Maqsadim doktoranturaga kirib, o‘qishni davom ettirib va olima bo‘lib yetishishdir. Imtihon jarayoni juda ham yaxshi tashkil etilgan. Bu jarayonda bundan oldin ham qatnashganman. Bu yilgi javoblarimdan qoniqyapman. Imtihon ochiq, shaffof va adolatli o‘tdi. Umidim juda ham katta, – deydi Gulhayo Muzaffarova. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.