Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Importga qaramlik qachon kamayadi?
16:22 / 2019-08-22

Joriy yilda import qilingan 878,8 million dollarlik tovarlar o‘zimizda ham ishlab chiqarilayotgan edi;


Joriy yilda import qilingan 878,8 million dollarlik tovarlar o‘zimizda ham ishlab chiqarilayotgan edi; 

Achinarlisi, import qilingan mahsulot ichki bozorda 35 barobarga qimmatga sotilmoqda; 

Qiymati 340 million dollar bo‘lgan 8 ob’ekt ishga tushirilishi ta’minlanmagan...

Oliy Majlis Senati yalpi majlisi oldidan Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita a’zolari, bir qator vazirlik va idoralar, OAV vakillari ishtirok etdi. 

Majlisda import qilinayotgan mahsulotlar hajmi va unga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, import mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Iqtisodiyot va sanoat vazirligining hisoboti eshitildi.

Iqtisodiyotni jadal innovatsion rivojlantirish, sanoatning yetakchi tarmoqlariga investitsiya kiritish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar salohiyatini oshirishni taqozo etmoqda. Bunda importga texnologik qaramlikni kamaytirish o‘ta muhim.

Zero, bu bozorda faoliyat yuritish bilan bog‘liq moliyaviy xatarlarni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shu jihatdan Prezidentimizning 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘nalishida qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga Mahalliylashtirish dasturini shakllantirish, uning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli monitoringni ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Bu yo‘nalishda qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim vazirlik va idoralar, hududiy korxonalar, jismoniy shaxslar tomonidan Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga o‘xshash tovarlar va asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan tovarlar importini amalga oshirish davom etmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 878,8 million dollarga teng bo‘lgan o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar import qilingan. Jumladan, “O‘zavtosanoat” AJ, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zeltexsanoat” AJ, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Olmaliq KMK tomonidan respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga o‘xshash tovarlar importi amalga oshirilgan.

Majlisda ta’kidlanganidek, import hajmining mahsulotlar kesimidagi tahlili tashqi savdoni tarif va notarif boshqarishga ehtiyoj oshib borayotganligini ko‘rsatdi.

Xususan, import bilan bog‘liq bojlarining amaldagi tarif stavkalari o‘rtacha qiymati 5,6 foizga teng bo‘lib, mahsulotlarning 62,7 foizi uchun nol stavkalar qo‘llanilib kelinmoqda. Bu, o‘z navbatida, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga salbiy ta’sir etib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishdan ko‘ra chetdan tayyor mahsulotlar olib kirilishini rag‘batlantirmoqda.

Qolaversa, yetarli darajada nazorat olib borilmayotganligi sababli ayrim tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari mahsulotlar bojxona qiymatini kamaytirib, ba’zi hollarda esa ko‘paytirib ko‘rsatishlari natijasida import qilingan mahsulot ichki bozorda 35 barobarga qimmatga sotilmoqda.

Shu kabi muammolar hamda olingan ma’lumotlar tahlilidan kelib chiqib, majlisda mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan sifatli tovarlar bilan to‘ldirish, tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlarning hajmlarini oshirish, import qilinayotgan mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, ularni mahalliylashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan ijro etilishi talab darajasida emasligi qayd etildi.

Nazorat yo‘qligi va tegishli choralar ko‘rilmaganligi natijasida joriy yilning birinchi yarmida tarmoq korxonalari tomonidan umumiy qiymati 340 million dollar bo‘lgan 8 ob’ekt ishga tushirilishi ta’minlanmagan.

Majlisda mavjud muammolar yechimini ta’minlash yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar inobatga olingan holda qo‘mita qarori qabul qilindi.