O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaga tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TIF TH) bo‘yicha xomashyo va tovarlarning kodlarini kichik subpozitsiyalar darajasida detallashtirish va ularga bojxona boji stavkalarini belgilash vakolati beriladi.
Ikki oy muddatda TIF TH kodlarini manipulyatsiya qilish xavfi mavjud bo‘lgan tovarlarga bir-biriga yaqin bo‘lgan tovarlar uchun bir xil stavkalarni qo‘llash tamoyili asosida import boji stavkalari qayta ko‘rib chiqiladi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab bojxona auditi doirasida:
a) audit o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirkorlik sub’ektiga yo‘l qo‘ygan kamchiliklari to‘g‘risida oldindan xabar bergan holda tadbirkorning o‘zi tomonidan ularni bartaraf etish imkoniyatini beruvchi "maslahatchi auditor" tamoyili yo‘lga qo‘yiladi;
b) bojxona organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan bojxona nazorati natijalari tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingini aniqlashda inobatga olinadi;
v) bojxona organlari tomonidan aniqlangan huquqbuzarliklar uchun belgilangan jazo choralarini ularning xususiyati va ahamiyatiga mutanosib ravishda differensiyalash orqali adolatli yondashuv ta’minlanadi;
g) bojxona nazorati davomida aniqlanib, qo‘shimcha hisoblangan bojxona to‘lovlarining so‘zsiz tartibda undirilishi to‘g‘risidagi inkasso topshiriq nomasini yuborish amaliyoti joriy etiladi.
2028 yil 1 yanvardan boshlab bojxona sohasidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi. Bunda:
a) moliyaviy jarimalar faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanadi;
b) yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanganda ularning mansabdor shaxslari yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
O‘zA