Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyati shahar-tumanlaridagi imom-xatiblar va imom-noiblar o‘rtasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida shaxmat-shashka musobaqalari o‘tkazildi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Azizbek Qalandarov ishtirok etib, musobaqa ishtirokchilarini istiqlol bayrami bilan qutladi va ularga omad tiladi.

Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz ruhda kechdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, shaxmat musobaqasi bo‘yicha, 1-o‘rin – Shofirkon tumani “Qori Fazliddin” masjidi imom-xatibi Mustaqim Isoyevga, 2-o‘rin – Vobkent tumani “Abdulazizxon” masjidi imom-xatibi Qurbon Shukrullayevga, 3-o‘rin – Kogon tumani “Xo‘ja Ka’bul Axbor Vali” masjidi imom-xatibi Haydarjon Odilovga nasib etdi.

Shashka musobaqasi bo‘yicha 1-o‘rinni – Romitan tumani “Mahallai-bolo” masjidi imom-xatibi G‘ayrat Najmidinov, 2-o‘rinni – Shofirkon tumani “Ahad hoji Qilich o‘g‘li” masjidi imom-xatibi Olim Oripov, 3-o‘rinni – Peshku tumani “Chiqirchi” masjidi imom-xatibi Vahobiddin Bozorov qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar tashakkurnoma hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.