Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imom-xatiblardan jamiyatda ixtilof keltirib chiqaruvchi mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik so‘raldi
15:54 / 2022-02-19

O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi imom domlalarning diniy e’tiqod mavzusida bildirgan fikrlari turli muhokamalarni keltirib chiqardi.

Ta’kidlanishicha, alohida diniy xodimlarning shaxsiy fikri O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy munosabatini ifoda etmaydi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ichki me’yoriy hujjatlari va buyruqlarida diniy soha xodimlariga jamoat oldida, ommaviy axborot vositalarida salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmaslik talabi qat’iy belgilangan.

Zero, mehrob muqaddas joy bo‘lib, bu yerda voizning shaxsiy talqini asosida bildirilgan fikrlar dindorlar tomonidan fatvo sifatida qabul qilinadi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasining Odob-axloq komissiyasi chaqirilib, so‘nggi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan masalalar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda imom-xatiblarga jamiyatda ixtilof keltirib chiqaruvchi mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik, va’z-nasihatlarda odob-axloq, diniy-ma’rifiy qadriyatlarni asrab-avaylash, ibodatlarni to‘g‘ri va mukammal ado etish bo‘yicha mo‘min-musulmonlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish haqida tushuntirish berildi.

O‘zA