FOTOREPORTAJ
Jizzax shahridagi Yoshlar innovatsion markazida imom-xatiblar, keksa avlod vakillari hamda yoshlar o‘rtasida shaxmat va shashka sport turlari bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati vakilligi, Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada hududlardan kelgan 100 nafarga yaqin havaskor sportchi ishtirok etdi.
Musobaqaning ochilish marosimida viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Sahobiddin Boliyev hamda Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Murodbek Rahmonberdiyev so‘zga chiqib, aholi, ayniqsa, yoshlarning aqliy sport turlariga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ommaviy sportni targ‘ib etish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr bildirdi. Ta’kidlanishicha, bunday tadbirlar jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
— Yurtimizda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish masalasi doimiy e’tiborda, - deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati vakili o‘rinbosari Narzulla Ahmedov. — Imom-xatiblarni jismoniy va aqliy faollikka undash, ularning fikrlash salohiyatini rivojlantirish maqsadida muntazam ravishda shunday tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra, shaxmat bahslarida Jizzax shahridagi Jillig‘ulli mahallasi masjidi imom-noibi Xo‘jaahror Abilqosimov g‘olib bo‘ldi. Shashka bo‘yicha esa birinchi o‘rin Sharof Rashidov tumani Qang‘li mahallasi masjidi imom-noibi Nizomiddin Eryigitovga nasib etdi.
[gallery-27409]
Shuningdek, sport tadbirlari Sharof Rashidov tumanining Toqchilik mahallasida ot sportining individual yo‘nalishi bo‘yicha davom ettirilib, unda imom-xatiblar o‘z mahorat va epchilliklarini namoyon etdi.
Qizg‘in va do‘stona ruhda o‘tgan musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlar diplomlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA