Payariq tumanida yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofidagi go‘zal manzaralar, betakror bino va inshootlar aks etgan surat va lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqala boshladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan besh yil avval Imom Buxoriy majmuasini ulug‘ muhaddis bobomizning islom olamidagi o‘rni va nufuziga mos tarzda barpo etish borasidagi harakatlar natijasi bugun ko‘zga ko‘rinib qoldi. Ziyoratgoh butunlay qayta qurilib, buyuk muhaddisning mahobatli maqbarasi va 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan muzey, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari, majmuaning to‘rt tomonida balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rt minora qad rostladi. Ziyoratgoh atrofida esa bir nechta mehmonxonalar, savdo va xizmat ko‘rsatish majmulari barpo etildi.
Yangi majmuaga monand uning atrofidagi Xo‘ja Ismoil mahallasi ham obod qilinib, ko‘rkam qiyofaga kirmoqda. Yangi yo‘l va ko‘chalar, xizmat ko‘rsatish maskanlari, restoran va kafelar, avtoturargohlar tashkil etilmoqda.
– Hududdagi obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari jarayonida 200 o‘rinli madaniyat uyi, mahalla markazi, favqulodda vaziyatlar bo‘limi binolari qurildi, – deydi Samarqand viloyat hokimligi mas’uli, hududni obodonlashtirish bo‘yicha viloyat shtabi rahbari Alisher Raimjonov. – Bo‘yrachi, No‘g‘oy ota, Pong, Xo‘ja Ismoil qishloqlaridagi 38 kilometr ichki yo‘llariga tosh-shag‘al to‘shalib, asfaltlashtirilmoqda. 54 ta ichki ko‘cha ta’mirlanib, barcha xonadonlarga yangidan tabiiy gaz, elektr, suv, oqova va boshqa kommunikatsiya tarmoqlari tortildi. Jumladan, Pong qishlog‘idagi 400 ta aholi xonadoni va ularning atrofi obodonlashtirildi. Ariqlar betonlashtirilib, yo‘l yoqalarida keng miqyosda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ viloyat filiali tomonidan 25 ta transformator yangilandi, 211,1 kilometr elektr tarmoqlari tortildi. Majmua va aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 25 ming KVa quvvatga ega yangi nimstansiya qurildi.
Mahalla hududida ish boshlashi kutilayotgan o‘ndan ortiq mehmonxona, avtoturargoh, oshxona, savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 45 kilometr yangi tarmoq tortildi. Tajriba sifatida ko‘chalardagi simyog‘ochlar olib tashlanib, barcha elektr tarmoqlari yopiq kabellar orqali yer ostidan o‘tkazilmoqda.
Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Pong va Xo‘ja Ismoil qishloqlarini bog‘lovchi 2,6 kilometr yo‘l ta’mirlanib, uning 500 metr qismiga asfalt yotqizildi. Ikkita ko‘prik qurilishi yakuniga yetmoqda.
Majmua atrofida o‘nta favvora qurildi, yo‘l asoslari betonlashtirilib, piyodalar yo‘laklariga granit g‘ishtlar terilmoqda.
– Korxonamiz tomonidan majmuani aylanib o‘tadigan 4625 metr masofada yangi avtomobil yo‘li qurildi, – deydi “Me’mor O‘tkir Chovka” MCHJ ish boshqaruvchisi Nurbek Boliyev. – Ayni vaqtda 10 kilometr piyodalar va veloyo‘laklarida so‘nggi yumushlar bajarilmoqda. Yo‘lning ikki tomonida gulzor tashkil etildi, mahalliy va xorijdan keltirilib, iqlimimizga moslashtirilgan manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Ularni sug‘orish tizimi yaratildi.
Hududdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari davomida 55 ta xonadon boshqa joyga ko‘chirilib, uy egalariga shu yaqin atrofdan yer ajratildi, kompensatsiya pullari to‘lab berildi.
– Mahallamizning Shuhrat ko‘chasidagi 22 ta, E.Vohidov ko‘chasida esa 33 ta xonadon ko‘chirildi, – deydi Payariq tumani Xo‘ja Ismoil mahallasi raisi Jamol Nazirov. – Uy egalari berilgan kompensatsiya pullariga ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olishdi, ajratilgan yer maydonlarida uy-joy qurishdi. Ko‘chirish jarayonida hech bir fuqaro norozi bo‘lgan emas, hammasi ajratilgan uy-joy va berilgan puldan rozi. Eng muhimi, mahallamizning obod bo‘lib shaharcha ko‘rinishiga kelganidan xalqimiz xursand.
Rahim Mamasoliyev xonadonida ikkita oila yashaydi. Ko‘chirish ishlari boshlangach, ajratilgan mablag‘ga yer uchastkasi sotib olib, ikkita alohida hovli qurib olishdi.
– Yangi hovlimiz markaziy ko‘chaga yaqin, – deydi R.Mamasoliyev.– Ajratilgan mablag‘ ikkita oila uchun zamonaviy loyihalar asosida uy-joy qurish uchun yetarli bo‘ldi. Uyimiz tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi, hatto markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulangan.
[gallery-25875]
Ayni paytda Isom Buxoriy majmuasida so‘nggi pardozlash ishlari olib borilayotgani kabi Xo‘ja Ismoil mahallasini obodonlashtirish tadbirlari ham yakuniga yetmoqda. Aholi yangidan bunyod etilgan ziyoratgohning ochilish marosimi va mahallaning yirik sayyohlik markazlaridan biriga aylanishini intiq kutmoqda. Bu orqali hududda yangi ish o‘rinlari ochiladi, aholi daromadlari oshadi.
G‘olib HASANOV,
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA