Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Imom Buxoriy izidan
17:09 / 2022-04-29

Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga doir Davlat dasturining joriy yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan bajarilgan ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mavzu yuzasidan Imom Buxoroiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, Davlat dasturining 267-bandiga muvofiq ushbu markazga buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib etish maqsadida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar asarlarining xalqchil tarjimasini amalga oshirish, ular asosida ilmiy va ommabop risolalar yaratish vazifasi belgilangani bo‘lib, mazkur band ijrosi bo‘yicha joriy yilning birinchi choragida tizimli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi. Ishchi guruh tomonidan tarjima qilinadigan asarlar ro‘yxati shakllantirilmoqda.

Shu vaqtgacha shakllantirilgan ro‘yxat asosida asarlarni bosqichma-bosqich tarjima qilishga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Abdulhamid ibn Humayd Keshiy “Musnadi Keshiy” asarining 1- va 2- jildlari va Alouddin Kosoniyning “E’tiqodi Kosoniy” asari nashrga tayyorlandi.

“Musnadi Keshiy” asarining 3-jildi, Imom Termiziyning “E’tiqodi ahlis sunna”, Abu Azabaning “Ravzatul bahiyya” asarlari tarjimasi va tahrir ishlari nihoyasiga yetkazildi va 2022 yil 8 fevral kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga soha mutaxassislaridan xulosa va taqriz olish uchun taqdim etildi.

Shu bilan birga “Sunani Dorimiydan saylanma hadislar” kitobining tarjima va tahrir ishlari nihoyasiga yetkazilib, 2022 yil 24 mart kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga xulosa va taqriz uchun taqdim etildi.

Abu Lays Samarqandiyning “Bahrul ulum” va Sayid Abdulmajid G‘avriyning “Hadis ilmi istilohlari” asarlari tarjimalari hamda Imom Buxoriyning “Tarixus sag‘ir” asarlari tahriri davom etmoqda. Joriy yil yakuniga qadar jami 15 ta asarning xalqchil tarjimasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Davlat dasturining navbatdagi bandiga ko‘ra, Markaz tomonidan Imom Buxoriy asarlarida tarannum qilingan yuksak odob-axloq, ilmga muhabbat, Vatanga sadoqat singari ezgu qadriyatlarni targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Italiya, Shveysariya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarda Imom Buxoriy asarlari misolida islom san’ati ko‘rgazmasini tashkil etish belgilangan.

Joriy yilning noyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur ko‘rgazmaga qizg‘in tayyorgarlik ishlari doirasida Tashqi ishlar vazirligiga ko‘rgazmani o‘tkazish bo‘yicha tuziladigan Tashkiliy ishchi guruhiga nomzodlar taqdim qilindi. O‘z navbatida vazirlik tomonidan ham mazkur tadbirni xorijiy davlatlarda tashkil etish bo‘yicha ikki nafar xodim biriktirildi.

Markazning o‘zida esa ko‘rgazmani o‘tkazish bo‘yicha 16 nafardan iborat bo‘lgan Tashkiliy guruh shakllantirildi. Markaz tomonidan “Bukhari Creative Agency LLC” tashkiloti bilan birgalikda ko‘rgazma konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Bundan tashqari markazning qo‘lyozmalar bilan ishlash va muzey bo‘limi 3 nafar ilmiy xodimlari joriy yil 15 yanvardan 16 fevralgacha Turkiya qo‘lyozma asarlar bosh boshqarmasi kitob shifoxonasi va arxiv ishlari boshqarmasida ilmiy safarda bo‘lib qaytdi.

Safar davomida Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markaziga tashrif buyurib, bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo‘minov va Tashkiliy ishlar bo‘yicha koordinator Samet Yalchin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Imom Buxoriy asarlari misolida islom san’ati ko‘rgazmasini o‘tkazish bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlar muhokama etildi. IRSIKA tomoni ikki tashkilot hamkorligida joriy yilda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar va xalqaro konferensiyalarni hamkorlikda tashkil etishga doim tayyor ekanini bildirdi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga batafsil javob qaytarildi.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri