Indoneziyada Samarqand viloyat Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri hamda ushbu mamlakatning “Bumi Purnati” teatri hamkorligida sahnalashtirilgan “Imom al-Buxoriy va Sukarno” nomli spektaklining ilk premerasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Xo‘sh, buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy va Indoneziyaning davlat va jamoat arbobi Sukarno o‘rtasidagi bog‘liqlik nimalarda namoyon bo‘ladi?
Islomshunos olim Ubaydulla Uvatovga ko‘ra, Imom al-Buxoriy avlodlarga boy va qimmatli ilmiy meros qoldirgan bo‘lib, u yozgan asarlarning soni yigirmadan ortiqdir. Bular «Al-jome’ as-sahih», «Al-adab al-mufrad», «At-ta’rix as-sag‘ir», «At-ta’rix al-avsot», «At-ta’rixal-kabir», «Kitob al-ilal», «Barr ul-volidayn», «Asomi us-sahoba», «Kitob al-kuna» va boshqa ko‘plab hikmatli asarlardir.

Buyuk allomaning eng muhim asari – «Al-jome’ as-sahih». Bu asar «Sahiyh al-Buxoriy» nomi bilan ham mashhur. Uning g‘oyat ahamiyatli tomoni shundaki, Imom al-Buxoriygacha o‘tgan muhaddislar o‘z to‘plamlariga eshitgan barcha hadislarini tanlab o‘tirmay qatorasiga kiritaverganlar. Imom al-Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga bo‘lib, ularning ishonchlilarini ajratib, alohida kitob yaratdi. Imom al-Buxoriy to‘plamlariga kiritilgan hadislar faqat islom ta’limotiga oid umumiy qoidalarni aks ettirish bilan cheklanib qolmaydi. Ular mehr-muhabbat, saxiylik, ochiq ko‘ngillik, ota-ona, ayollar va kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, faqir-bechoralarga himmat, Vatanga muhabbat, mehnatsevarlik va halollikka da’vat etish kabi haqiqiy insoniy fazilatlar va namunali tartibotlar majmuasidir. Unda nima yaxshi, nima yomon, nimani qilish kerak, nimadan o‘zni tiyish lozimligi hakida hozirgi jamiyatimiz ahli, ayniqsa, yosh avlod uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega yo‘l-yo‘riqlar, pand-nasihat va o‘gitlar aks ettirilgan. Shu sababli Imom al-Buxoriyning asarlari jahon miqyosida katta e’tibor va e’tirofga sazovor.
Bugun ham ijtimoiy tarmoqlar orqali sharhlanayotgan Qur’oni karim suralarining oyatlari, duolar, hikmatli naqllarda albatta, buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom al-Bxoriyning nomi ehtirom bilan tilga olinadi.

Ma’lumki, Indoneziya dunyoda eng ko‘p musulmon aholisiga ega bo‘lgan davlat sanaladi. 1945-1967 yillarda ushbu mamlakatning davlat rahbari bo‘lgan Sukarno 1956 yilda Moskvaga keladi. Tashrif davomida u hadis ilmining dahosi Imom al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish istagi borligini o‘sha davrdagi sho‘rolar saltanatining mutasaddilariga bildiradi. Mustabid tuzum davrida ko‘plab buyuk allomalar kabi dunyoga dong‘i ketgan hadisshunos olim Imom al-Buxoriy so‘nggi qo‘nim topgan maskan qarovsiz, tashlandiq ahvolda edi. Indoneziyalik mehmonning istagini ro‘yobga chiqarishdan boshqa iloji qolmagan sho‘ro davrining mutasaddilari oliy martalabi mehmon boshchiligidagi delegatsiyaning safar muddatini ataylab cho‘zish maqsadida uni Moskvadan Samarqandga poyezd orqali borishini tashkillashtiradi. Bu vaqt oralig‘ida esa ulug‘ muhaddisning qarovsiz qolgan maqbarasi atrofi zudlik bilan obodonlashtiriladi. Shunday qilib, aynan Indoneziyaning davlat va jamoat arbobi Sukarno janoblari ikki mamlakat o‘rtasidagi ziyorat turizmiga asos solgan edi.
O‘zbekiston va Indoneziya teatr ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Imom al-Buxoriy va Sukarno” spektakli ana shu qiziqarli va hikmatli voqea asosiga qurilgani bilan ahamiyatlidir.
Hamkorlikda sahnalashtirilgan spektakl indoneziyalik tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri