Buxoro shahrining tarixiy va zamonaviy rivojlanishini o‘zida mujassam etgan hududlaridan biri Imom al-Buxoriy mahallasidir. Bu mahallaning asosiy drayveri hunarmandchilik va tadbirkorlik sanaladi. Mahalla iqtisodiyotini ko‘tarish, aholi daromadini oshirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlar bugun o‘ziga xos natijalarni bermoqda.
Mahalla yettiligi tomonidan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” loyihasi asosida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mahallada hunarmandchilikning gilamdo‘zlik, tikuvchilik, mis o‘ymakorligi shuningdek, mehmonxona yo‘nalishida ham ish yuritayotganlar anchagina. Jumladan, Nigora Yodgorova o‘n bir yildan buyon qorako‘l terisidan turli xildagi brend mahsulotlar tayyorlab, bu hunarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
– Biz tadbirkorlarga juda ham ko‘p imkoniyatlar berildi, – deydi tadbirkor Nigora Yodgorova. – Savdoni amalga oshirish, chet elga mahsulotlarni olib chiqish bo‘yicha imkoniyatlar yaratilgan. Kelgusida seximni kengaytirib, yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirganman. Hozirda, milliy liboslar, qorako‘l teridan va boshqa mo‘ynalardan bosh kiyimlar tayyorlaymiz, shuningdek, patdo‘zlik ishlarimiz ham bor. Shuningdek, uyda o‘tirgan ayollarni ham ish bilan ta’minlashni maqsad qilganman.
Gilamdo‘zlik korxonasida mahallaning ko‘plab ayollari ish bilan band. Ular ikki smenada faoliyat yuritadi va o‘z kasblarini chin dildan sevishadi. Har bir gilam ularning mehri, mahorati va e’tibori bilan to‘qilgan haqiqiy san’at asaridir.
– Hunarni o‘rganaman deb kelgan xotin-qizlarga hamma qirralari boshdan o‘rgatiladi, – deydi hunarmand Shahnoza Aktamova. – Buxoroning naqshlari boshqacha. Bu naqshga sayyohlar ham ko‘p qiziqadi. Kamida 12-13 xil ranglari bo‘ladi. Hamma ranglarni ishlatishga harakat qilamiz. Mehnatiga qarab 3-5 milliongacha oylik maosh olishadi.
Buxoro gilamlaridagi har bir naqshlarda tabiat, baxt, quvvat, oila va rizq-ro‘zga doir ramzlar mujassam. Shuning uchun gilam nafaqat bezak, balki ma’naviy qo‘rg‘ondir. Gilamdo‘z ustalar esa ushbu bebaho merosni kelajak avlodga yetkazayotgan haqiqiy ustozlardir. Tikuvchilik sexida ham 30 nafardan ziyod ayol doimiy ish bilan ta’minlangan. Ular asosan sayyohlarga, mehmonlarga yoqadigan milliy uslubdagi liboslar va esdalik sovg‘alari tayyorlaydi. Ular ishlayotgan ushbu korxona mahallaning iqtisodiy yuragidek, doimo harakat va e’tiborda.
Qadim davrlardayoq Buxoro vohasida ayollar adrasni ardoqlab, uni har kungi kiyimidan tortib, to‘y-hashamlar liboslarigacha qo‘llagan. Vaqt o‘tishi bilan uning yuzlab nusxalari, xilma-xil naqsh va uslublari yaratildi. Do‘konga tashrif buyurgan mahalliy mijozlar ayniqsa, chet ellik sayyohlar bu mahsulotlarga katta qiziqish bilan qarashadi. Chunki har bir adras matosi bu shunchaki libos emas, balki ko‘ngilga iliqlik bag‘ishlovchi Buxoro tarixining rangli hikoyasidir.
Mahalladagi tadbirkor Qudrat Hojiyev tashabbusi bilan o‘z hovlisida tashkil etilgan mehmonxona qoshida hozircha milliy taomlardan Buxorocha oshi sofi shaharlik mijozlar va mehmonlar uchun maxsus tayyorlanib, tortiq qilinmoqda. Mehmonxonada bo‘lgan har qanday inson haqiqiy milliy ruhdan orom oladi, tabiiy va ekologik toza mahsulotlardan bahramand bo‘ladi.
Mis kandakorligi ustasi bo‘lgan Anvar Qurbonov esa mahallaning faxri. Bu hunar unga otasidan meros. Bugungi kunda u bir nechta shogirdlarni tarbiyalab, milliy merosimiz davomiyligiga hissa qo‘shmoqda. Uning har bir buyumida usta mehnati, sidqidildan qilingan izlanish va benazir san’at sirlari yashiringan.
Anvar Qurbonov yaratgan san’at asarlarini ayniqsa, Eron, Pokiston, Arabiston va hindistonlik sayyohlar sevib xarid qiladi. Usta yaratgan betakror naqsh jilolaridan bahramand bo‘lib, hunarmand mehnatiga tasannolar aytishadi. Ha, ushbu mahallada Anvar Qurbonov kabi go‘zallik yaratuvchilari ko‘pchilikni tashkil etadi.
[gallery-27090]
Imom al-Buxoriy mahallasi bugungi kunda nafaqat Buxoroning, balki mamlakatimiz madaniy-hunarmandchilik an’analarining ham mustahkam qo‘rg‘oniga aylanib bormoqda. Bu yerda amalga oshirilayotgan har bir tashabbus mehnatsevar odamlar, usta-hunarmandlar va tadbirkorlarning mehnati hamda mahalla jamoasining birdamligi mahsulidir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.