Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi instituti tashkil topganining 40 yilligiga bag‘ishlangan “Immunologiya – XXI asr tibbiyotining asosi” III Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya O‘zbekiston Fanlar akademiyasining yetakchi ilmiy markazlaridan biri bo‘lgan Immunologiya va inson genomikasi instituti tomonidan tashkil etildi. Institut mamlakatda immunologiya, tibbiy genetika va biotexnologiya yo‘nalishlarining ilmiy maktabini shakllantirgan, immun tizimi bilan bog‘liq kasalliklarni o‘rganish, diagnostika va davolash bo‘yicha xalqaro miqyosda e’tirof etilgan ilmiy muassasa hisoblanadi.
Tadbirning asosiy maqsadi immunologiya va unga yaqin fan sohalaridagi zamonaviy ilmiy yutuqlarni muhokama qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yosh olimlar va amaliyotchi shifokorlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
[gallery-25757]
Konferensiyada O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkiya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlardan 200 dan ortiq olimlar, shifokor va tadqiqotchilar ishtirok etdi. Ular orasida nufuzli ilmiy markazlarning rahbarlari, akademiklar va professorlar bor.
Mazkur konferensiya Immunologiya va inson genomikasi institutining 40 yillik faoliyati davomida erishilgan yutuqlarni nishonlash bilan bir qatorda, O‘zbekistonda fundamental va klinik immunologiyaning yangi bosqichga chiqayotganini ifodalaydi. Akademik Tamara Aripova rahbarligida institut hozirgi kunda zamonaviy immunodiagnostika, genom tahlili, molekulyar biotexnologiya va klinik tadqiqotlarni uyg‘unlashtirgan yirik ilmiy markazga aylangan.
Tadbir O‘zbekiston ilmiy salohiyatining xalqaro nufuzini yanada oshiradi, hamkor mamlakatlar o‘rtasida ilmiy aloqalarni mustahkamlaydi va yangi innovatsion loyihalar uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Dildora DO‘SMATOVA, Oybek Pardayev (surat), O‘zA