2025 yilgi Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti inson tanasining eng murakkab mexanizmlaridan biri hisoblangan immun tizimi himoya jarayonini tadqiq etgan uch olim – Mari E.Brunkov, Fred Ramsdell va Shimon Sakaguchiga topshirildi. Ular “periferik immun tolerantlik” mexanizmini kashf etgani uchun e’tirof etildi – bu jarayonda immun tizimi o‘ta faollashib, tana o‘z hujayralariga hujum qilishining oldini oladi.
Nobel qo‘mitasi bu yutuqni “butunlay yangi ilmiy yo‘nalishga asos solgan kashfiyot” deb atadi. Inson immuniteti muntazam ravishda millionlab bakteriya, virus, mikrob va boshqa xil zararkunandalarga qarshi kurashadi, biroq bu tizim shu qadar kuchliki, nazoratdan chiqsa, o‘z hujayralarimizni ham “begona, dushman” bilib, salomatligimizga zarar yetkazishi mumkin. Aynan shunday aksil jarayon revmatoid artrit, qandli diabet, lupus kabi autoimmun kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Olimlar aniqlaganidek, muvozanatni saqlovchi maxsus hujayralar – muvofiqlashtiruvchi T-hujayralar zarur paytda immun tizimini “to‘xtatib” turadi. Shu mexanizm tufayli organizm o‘z to‘qimalariga qarshi hujum qilmaydi.
O‘tgan asr 90-yillarigacha olimlar immun tizim o‘zini faqat “markaziy tolerantlik” orqali boshqaradi, deb hisoblagan. Ya’ni, tananing zararli hujayralari T-hujayralar shakllanishi bosqichida yo‘qoladi.
Brunkov, Ramsdell va Sakaguchi olib borgan tadqiqot esa ayni nazariyani butkul o‘zgartirdi. Ular immunitet tizimi muntazam ravishda o‘zini tashqi xavfdan himoya qilgani kabi, ichki muvozanatini ham “periferik” darajada saqlay olishini isbotladi.
Bu kashfiyot onkologiya, autoimmun va transplantatsiya tibbiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Hozir olimlar ishlanmalari asosida yaratilgan, klinik sinovdan o‘tayotgan dorilar immun tizimni zarur paytda faollashtirish yoki susaytirish orqali saraton va autoimmun kasalliklarni davolash imkonini beradi.
– Immunologiya sohasini yangi bosqichga olib chiqadigan mazkur kashfiyot nafaqat nazariy, balki amaliy tibbiyot uchun ham beqiyos ahamiyatga ega, –deyilgan mukofot qo‘mitasi bayonotida.
Musulmon Ziyo, O‘zA